Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar muhokama etildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tashabbusi bilan “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov mazkur anjumanning ahamiyati xususida gapirdi. Notiqlar an’anaga aylanib borayotgan bunday ilmiy anjumanlarni yanada kattaroq ko‘lamda va ko‘proq o‘tkazilishini ta’kidlashdi.

Konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Rossiya Federatsiyasi musulmonlar diniy boshqarmasi, Qozon islom universiteti, Moskva islom instituti, Turkiyaning Pamukkala va Korabuk universitetlari hamda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va magistrantlar ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha alohida sho‘’balar asosida davom ettirdi. Soha mutaxassislari va olimlar Qur’onshunoslikning dolzarb masalalari, globallashuv davrida diniy ixtiloflarning oldini olishda hadis va hadis ilmlarining o‘rni va boshqa shu kabi dolzarb mavzularni muhokama qildi.

Har bir sho‘’ba doirasida sohaning fundamental asoslari va zamonaviy yechimlari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman doirasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Qozon islom universiteti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur kelishuv Toshkent va Qozon islom oliygohlari o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochishi bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya ma’rifatparvarlari, din ulamolari o‘rtasidagi asriy an’analarni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi. Bu hamkorlik diniy-ma’rifiy sohadagi aloqalarni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarishda o‘ziga xos poydevor bo‘ladi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri