Islohotlar jarayonida faol ishtirok etamiz
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini tinglab, xususiy biznes vakili, tadbirkor sifatida yakunlangan yil mamlakatimizda barcha jabhalarda ulkan o‘zgarishlar, yangilanish va yuksalish yili bo‘lganligini yana bir bor his etdim.
Umuman, rivojlanish yo‘lidan dadil odimlab borayotgan yurtimizning iqtisodiyoti rivojlanayotgani, dunyo hamjamiyati orasida nufuzi ortib borayotganidan qalbimiz g‘ururga to‘ladi.
Haqiqatdan ham davlatimiz rahbarining tabrigida ta’kidlanganidek, yurtimizda yuqori texnologiyali yangi sanoat majmualari, infratuzilma va logistika tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar barpo etildi. Biznes, IT va turizm sohalari izchil rivojlanmoqda. Aholi daromadlari va turmush sifati oshmoqda. Bilimli va shijoatli, navqiron yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliygohlar, madaniyat va sport maskanlari qad ko‘tarmoqda. Yurtimiz tobora obod qiyofa kasb etmoqda. Bularning barchasi Prezidentimiz tashabbusi bilan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob maqsad yo‘lida mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosatning samarasidir.
Xususan, Andijonda ham ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalarida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, fuqarolarning doimiy daromad manbaini shakllantirish, turmush farovonligini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligini e’tirof etish o‘rinli. Yil davomida yuzlab yangi loyihalar ishga tushirildi, minglab ish o‘rinlari yaratildi. Yakunlangan yilda viloyatimizda chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni 330 ga yaqinlashdi. Andijon viloyati dunyoning 80 ga yaqin mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi.
Birgina men rahbarlik qilayotgan korxonada ishlab chiqarilayotgan, yilning turli mavsumlariga mo‘ljallangan 100 dan ortiq turdagi erkaklar, ayollar hamda bolalar poyabzallari 20 ga yaqin davlatga eksport qilindi.
Yangi boshlangan 2025 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Ishonamanki, joriy yilda, atrof-muhitni asrash, yashil hududlar barpo etish, “yashil” iqtisodiyotni shakllantirish, raqamli texnologiyalar, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni yanada rivojlantirish, shu bilan birga, inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini himoya qilish, turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlar ko‘lami yanada kengayadi.
Ana shu ishlarni amalga oshirishda yurtimizning har bir fuqarosi, ayniqsa, biz tadbirkorlar astoydil mehnat qilib, islohotlar jarayonida faol ishtirok etamiz. Viloyatimiz, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Abduhoshim Ismoilov,
Andijon tumanidagi “Ravon taraqqiyot orzusi” MCHJ rahbari.
O‘zA