Islohotlar inson salomatligiga xizmat qilmoqda
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida Navoiy shahridagi “Ma’rifat” bog‘ida “Sog‘lom jamiyat – kuchli davlat” shiori ostida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, profilaktik tibbiy ko‘riklarning ahamiyati hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar esa aholiga sifatli, tezkor va zamonaviy tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda kasalliklarni erta aniqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Bu islohotlarning asosiy maqsadi har bir fuqaroning salomatligini ishonchli muhofaza qilish va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishdir.

Tadbirda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, keksalar, yosh bolali onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, malakali shifokorlar ko‘rigidan bepul o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida kardiolog, urolog, jarroh, travmatolog, onkolog, ginekolog, dermatolog, endokrinolog, pediatr, nevropatolog va narkolog kabi tor mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan ko‘riklar o‘tkazildi. Shuningdek, ultratovush tekshiruvi (UZI), elektrokardiografiya (EKG), rentgen hamda mammografiya kabi zamonaviy diagnostika xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir davomida yuzlab fuqarolar o‘z salomatligi bo‘yicha malakali maslahatlar oldi, zarur holatlarda qo‘shimcha davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

– Tibbiy ko‘rik o‘tkazilayotganini eshitib keldim, – deydi D.Saimova. – Tekshiruvlar jarayonida sog‘ligimda muammolar borligi aniqlandi. Shifokorlarga rahmat. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida bepul davolanishim uchun yo‘llanma berishdi. Bu davlatimiz tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘rsatilayotgan amaliy g‘amxo‘rlikning bir ko‘rinishidir.

Albatta, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar faqat shifoxonalar qurish yoki yangi jihozlar o‘rnatish bilan cheklanmasdan, tibbiy xizmatlarni xalqqa yaqinlashtirish, kasalliklarning oldini olish, har bir insonda o‘z salomatligiga mas’uliyat hissini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu borada mahallalarda o‘tkazilayotgan ommaviy tibbiy ko‘riklar esa muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri