Islohotlar aholi manfaatiga xizmat qiladi
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi arafasida Navoiy viloyatida birlamchi tizim moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida 10 milliard so‘mlik, Konimex va Qiziltepa tumanlari tibbiyot birlashmalarida xirurgiya xizmatini rivojlantirish maqsadida 2 milliard so‘mlik tibbiy jihozlar xarid qilindi.
Besh yil avval viloyatda 128 birlamchi tibbiy yordam muassasalari bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 246 taga yetdi. O‘tgan ikki yil davomida esa viloyatda 27 oilaviy shifokor punkti, 2 oilaviy poliklinika hamda 89 mahalla tibbiyot punktining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Ushbu muassasalarni qurish-ta’mirlash va jihozlash uchun mahalliy byudjetdan 17,4 milliard so‘m, respublika byudjetidan esa 8,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nurali Safoyev. – Shuningdek, birlamchi tibbiyot muassasalardagi kunduzgi shifo o‘rinlari 458 tadan 882 taga oshirildi hamda ish vaqti 08:00 dan 20:00 gacha etib belgilandi. Viloyatda malakali mutaxassislarni tayyorlash va muassasalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanishi natijasida oxirgi besh yilda 85 turdagi amaliyotlar 142 turga yetkazildi. Viloyatda yangi tibbiy amaliyotlarni joriy qilish va xorij tajribasini o‘zlashtirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 403 nafar shifokor respublika muassasalarida, 102 nafar mutaxassislar xorijiy davlatlarning nufuzli klinikalari va universitetlariga malaka oshirishga yuborildi.
[gallery-13348]
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA