Ishtixonlik yoshlar – eng zukko kitobxon
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish va ularning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida joriy yildan hududlarda “Zukko kitobxon” tanlovini doimiy o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yildi.
Samarqandda mazkur tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vazirligi, yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda dastlabki bosqichda g‘olib bo‘lgan kitobxonlar – 16 tuman va shahar jamoalari ishtirok etdi.
O‘qish uchun tavsiya etilgan kitoblar asosida tayyorlangan savollarga bergan javoblariga qarab, jamoalarning qanchalik zukko va kitobsevarligiga baho berildi.
[gallery-13016]
– Jamoalar tarkibida yoshlarning ko‘pligi, ayniqsa, quvonarli, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. – Bu yurtimizda aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasidir. Yoshlarning yozgi ta’til paytida ham vaqtlarini foydali mashg‘ulotlar bilan o‘tkazib, kitobga mehr qo‘ygani shu kabi tanlovlarda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Ishtixon tumani jamoasi a’zolari eng zukko kitobxon ekanliklarini namoyon etib birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va 6 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ikkinchi o‘rinni egallagan payariqlik yoshlarga esa 4 million 200 ming so‘m pul mukofoti berildi. Uchinchi o‘rin va 3 million so‘m mukofot Paxtachi tumani jamoasiga nasib etdi. Tanlovning boshqa jamoalariga ham belgilangan miqdorda pul mukofoti va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA