Ishsizlikdan xoli hududga aylanadi
Toshkent viloyatini ishsizlik va korrupsiyadan xoli hududga aylantirish hamda “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” tamoyilini joriy etish maqsadida sektorlar rahbarlari tomonidan “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Xususan, hududdagi 1 ming 25 ta mahallaning maxsus “Ombor kitoblari”ga kiritilgan ishsiz aholisining bandligini ta’minlash bo‘yicha kredit va subsidiyalar o‘z vaqtida ajratiladi. Bunda mahallalarning “o‘sish nuqtalari” aniqlanib, yangi tadbirkorlik, “drayver” loyihalarini amalga oshirishda tashabbuskorlarga ko‘maklashish ustuvor vazifa sifatida belgilab olinadi.

Joriy yil viloyat bo‘yicha ishsiz bo‘lgan 4 ming 590 nafar yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha manzilli rejalar ishlab chiqiladi. Bunda kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitiladigan yoshlarning “mahallabay” hisob-kitobi yuritiladi.

Birgina qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlarida hududlar ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan va eksportbop ekinlar ekish choralari ko‘riladi.

Ayniqsa, sabzavot, poliz, dukkakli, moyli va kartoshka kabi ekinlarni intensiv usulda ekish ishlari tashkil etiladi. Mazkur yer maydonlarida ekinlar ekilish holati, zarur agrotexnik tadbirlarning olib borilishini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh nazorat tadbirlari o‘tkazadi. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan dehqon xo‘jaliklarini tashkil etgan yoshlarga urug‘lik va boshqa moddiy-texnik resurslar yetkazib beriladi.

Shu bilan birga, viloyatdagi ishsiz 63 ming 923 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash bo‘yicha manzilli rejalar ishlab chiqiladi. Buning uchun “Xonadonda sanoat” loyihasi asosida mahallalardagi xotin-qizlarni jalb etgan holda ipak mahsulotlarini qayta ishlash tarmog‘i ommalashtiriladi.

Mahalladagi xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar” harakati vakillari ishsiz ayollarni “Jonajon Vatanimda ipakchilikni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shaman” shiori ostida birlashtirish choralarini ko‘rib, tadbirkorlik, kasanachilik va hunarmandchilikka jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar “mahallabay” tahlil qilinadi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri