Ishsiz yoshlar hunar oʻrganmoqda
Mazkur kurslarda shu paytgacha 200 nafarga yaqin ishsiz yoshlar mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarni oʻzlashtirish barobarida tadbirkorlik koʻnikmalariga ham ega boʻlgan.
Qarshi shahrida “Yoshlarni tadbirkorlik sohasiga keng jalb qilish – yoshlar bandligini taʼminlashda muhim omildir” loyihasi doirasida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimligining davlat buyurtmasi asosida “Yuksalish” axborot-maslahat resurs markazi tomonidan amalga oshirilgan bu loyihaning amaliy natijalari unda qatnashgan barcha hamkor tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Muhim ijtimoiy ahamiyatga molik bu tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondining moliyaviy koʻmagi bilan hayotga tatbiq etildi.
Davra suhbatida taʼkidlanganidek, loyiha doirasida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 2019-yilning sentyabr oyida, Mirishkor tumanida esa 2020-yilning mart oyi boshida mahalliy rivojlanish markazlari tashkil etilib, bepul oʻquv kurslari ochilgan. Mazkur kurslarda shu paytgacha 200 nafarga yaqin ishsiz yoshlar mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarni oʻzlashtirish barobarida tadbirkorlik koʻnikmalariga ham ega boʻlgan.
– Jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan mablagʻ hisobidan mahalliy rivojlanish markazlari uchun oʻquv-ishlab chiqarish uskunalari, zarur jihoz va materiallar sotib olinib, viloyat va tuman hokimliklari yordami bilan oʻquv kurslariga xonalar ajratildi, – dedi “Yuksalish” axborot-maslahat resurs markazi direktori Zulfiya Haydarova.
– Maqsadli guruhlar aʼzolarini oʻqitishga malakali trenerlar, amaliyotchi-mutaxassislar, tajribali tadbirkor va hunarmandlar jalb qilindi. Natijada Chiroqchida ishsiz yoshlarni metallga ishlov berish va payvandlash, duradgorlik va mebelsozlik, elektr jihozlari va tarmoqlarini montaj qilish, santexnika ishlari, Mirishkor tumani Jeynov qishlogʻida esa junni qayta ishlash va gilamchilik, kashtachilik, tikuvchilik va quroq mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishlari boʻyicha kasbga oʻrgatish yoʻlga qoʻyildi.
Ijtimoiy sheriklik asosida hayotga tatbiq etilgan bu muhim loyihani roʻyobga chiqarishda, shuningdek, viloyat bandlik bosh boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasi, boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etdi. Oʻquv kurslarida yoshlarga ustozlik qilgan mutaxassislarning ish haqi va shogirdlarning stipendiyasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlandi.
– Nazariy mashgʻulotlarda gilamchilik tarixidan saboq olib, amaliyot paytida junni qayta ishlash va turli xil gilamlar, joynamozlar toʻqishni oʻrgandik, – deydi Mirishkor tumani Avvona mahallasida yashovchi 20 yoshli Rajabgul Tojiyeva. – Qisqa vaqt ichida bu ishning barcha bosqichlarini – jun tanlashdan tortib, uni tayyor mahsulot holiga keltirishgacha – oʻzim mustaqil bajara oladigan boʻldim. Hozir mahallamizdagi hunarmand ayollarga gilam toʻqishda yordam berayapman. Tez orada kredit olib, oʻz biznesimni boshlash niyatidaman.
“Yuksalish” axborot-maslahat resurs markazi tomonidan amalga oshirilgan loyiha nihoyasiga yetkazilgan boʻlsa-da, uning doirasida tashkil etilgan mahalliy rivojlanish markazlarida ishsiz fuqarolarni kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash orqali ularning bandligini taʼminlash jarayoni davom etayapti.