Ishlaydigan onalarga yangi nafaqa: farzandi bir yoshga to‘lgunicha to‘lov avtomatik tarzda tayinlanadi
Nafaqa olish uchun ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi — to‘lov avtomatik tarzda tayinlanadi
O‘zbekistonda ishlaydigan ayollarni onalik davrida qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, farzandi bir yoshga to‘lguncha ishlaydigan onalarga Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bola parvarishi nafaqasi to‘lanishi belgilanmoqda.
Yangi to‘lov 2026-yildan joriy etiladigan davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining mantiqiy davomi sifatida yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali ishlaydigan ayollarni homiladorlik va tug‘ish davridan keyin ham moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bola parvarishi bilan bog‘liq vaqtinchalik daromad yo‘qotishlarini qisman qoplash ko‘zda tutilgan.
Yangi nafaqaning eng muhim jihatlaridan biri — uni olish uchun onalardan turli idoralarga borish, alohida ariza yozish yoki qo‘shimcha hujjatlar to‘plash talab etilmaydi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, nafaqa axborot tizimlaridagi mavjud elektron ma’lumotlar asosida avtomatik va proaktiv tarzda tayinlanadi.
Ayni paytda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan homiladorlik va tug‘ish nafaqalari ham proaktiv tarzda tayinlanib, to‘lab kelinmoqda. Xuddi shu mexanizmning davomi sifatida bola parvarishi nafaqasini ham fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligisiz amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhiddinovaning ta’kidlashicha, ushbu yangilik ishlaydigan ayollar va ularning oilalari uchun bir qator muhim qulaylik hamda kafolatlarni yaratadi. Jamg‘arma ayollarni nafaqat homiladorlik va tug‘ruq ta’tili davrida, balki go‘dak hayotining eng mas’uliyatli va zaruriy bo‘lgan dastlabki yilida ham moddiy qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu onaning mehnat faoliyati vaqtincha to‘xtagani sababli yo‘qotgan daromadining o‘rnini qoplashga xizmat qiladi.
Bola parvarishi nafaqasini bevosita Jamg‘arma o‘z zimmasiga olishi tufayli korxona va tashkilotlarning moliyaviy majburiyatlari sezilarli darajada kamayadi. Ish beruvchining mazkur to‘lovdan ozod etilishi ayollarni ishga qabul qilish va ularning bo‘sh ish o‘rinlarini saqlab qolishda qo‘shimcha rag‘bat yaratadi. Natijada mehnat munosabatlarida xotin-qizlarga nisbatan norasmiy cheklovlarning oldi olinadi.
Nafaqani rasmiylashtirish uchun fuqarolardan turli idoralarga borish, ariza topshirish va qog‘ozbozlik talab etilmaydi. Barcha jarayonlar integratsiyalashgan elektron bazalar orqali inson omilisiz, avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Sohada erishilayotgan amaliy natijalarga e’tibor qaratsak, joriy yilning yanvar–avgust oylarida mamlakatimizda qariyb 94 ming nafar ishlaydigan ayolga homiladorlik va tug‘uruq nafaqalari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi. Yangi tartib to‘liq kuchga kirgach, yana shuncha mehnat qilayotgan onalar farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar uzluksiz va kafolatlangan ijtimoiy himoya tizimi bilan to‘liq qamrab olinadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA