Ishga qabul qilish: shaffoflik bosh mezon
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qashqadaryo viloyati filiali tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz orqali vakant lavozimlarga o‘tkazilgan tanlovlar, ishga qabul qilishning shaffof mexanizmi haqida so‘z bordi.
Xususan bugunga qadar portal orqali 471 marta tanlovlar e’lon qilinib, 9668 nafardan ortiq nomzod tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirgan. Bir vakant lavozim o‘rniga o‘rtacha 20 nafardan ortiq nomzod hujjat yuborgan.
Shulardan, 80 ta vakant lavozimga e’lon qilingan tanlovlar test va suhbat bosqichida bo‘lib, 18 ta vakant lavozimga esa nomzodlarning hujjatlari qabul qilinmoqda. Joriy yilda o‘tkazilgan tanlovlarning 145 tasida tanlov g‘oliblari aniqlanib, ular yangi lavozimlarda ish faoliyatini boshlagan. Shundan, 27 nafar tanlov g‘oliblari Yoshlar ishlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tizimida, 56 nafar tanlov g‘oliblari Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tizimida ish boshlagan.

O‘tgan davr mobaynida jamoatchilikning taklif va murojaatlaridan kelib chiqib, ochiq mustaqil tanlovlar jarayonlari birmuncha takomillashtirildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, tanlov jarayonlarida turli kamchilik va xatolar hamon uchramoqda. Bu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha filial tomonidan boshqarma va tashkilotlarga og‘zaki va yozma ko‘rsatmalar berib borilmoqda. Zarur hollarda tegishli taqdimnomalar kiritilmoqda. Ochiq mustaqil tanlov jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlari bo‘yicha yil boshidan boshqarma va tashkilotlarga 8 ta taqdimnoma kiritilib, aniqlangan qonun buzilish holatlarining bartaraf etilishi ta’minlandi.
Prezidentimiz raisligida 2022 yilning 4 avgust kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 61-sonli bayoni 5-bandiga muvofiq, mahallalardagi yuqori natijalarga erishgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan 1000 nafarini tanlab olish va Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish topshirig‘iga asosan Respublika miqyosida 1000 nafardan iborat Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish jarayonlarida viloyatda jami 86 nafar nomzodlar saralab olindi.
Jumladan, 65 nafar hokim yordamchilari, 17 nafar yoshlar yetakchilari hamda 4 nafar xotin-qizlar faollari belgilangan tartibda tuman (shahar) sektor rahbarlarining xulosalariga asosan taqdim etilgan nomzodlar orasidan test va suhbat natijalariga ko‘ra saralab olinib, ushbu nomzodlar kadrlar.argos.uz platformasiga joylashtirildi.

Salohiyatli kadrlar rezervi tarkibiga kiritilgan nomzodlarning tuman (shahar) hokimliklari va hududiy boshqarmalarga qisqa muddatli stajirovkasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 dekabrdagi Yoshlar forumidagi nutqi hamda 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” da belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan intellektual jihatdan salohiyatli va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, teran fikrlaydigan, mustaqil dunyoqarashga ega yosh liderlar jamoasini shakllantirish tashabbusi ilgari surilgan edi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali hamda Yoshlar ishlari Agentligining viloyat boshqarmalari taklifiga ko‘ra, viloyatda “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish va klub to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

Hozirda “Kelajak liderlari” klubi a’zolari soni 40 nafarni tashkil etadi. Klub a’zolaridan 23 nafari davlat xizmatchilari, 17 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalari.
“Kelajak liderlari” klubi faoliyati davomida “Hokim bilan bir kun”, “Dublyor”, “Davlat xizmatiga ochiq yo‘l” kabi loyihalar doirasida tuman va shahar hokimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ushbu loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad rahbarlarga munosib izdoshlar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning 1 mayidan 10 iyunigacha Davlat boshqaruvi Akademiyasida tashkil etilayotgan “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturiga o‘qishga klub a’zolari orasidan munosib nomzodlar saralanib o‘qishga yuborildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA.