Ishchi guruh Qoraqalpog‘istonda
Xabaringiz bor, Respublika ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yutuqlari va muammolarini o‘rganmoqda.
Bu hududda joriy yilda 12 ming 636 gektar piyoz va sarimsoqpiyozi va to‘qsonbosti usulida sabzavot yetishitirish mo‘ljallanmoqda. Hozirda aholi tomorqalarida 4 ming 56 gektarda piyoz-sarimsoqpiyoz, 3 ming gektarda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yakunlandi.
Bunda esa Prezidentimizning 2021 yil 24 noyabrda qabul qilingan “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 noyabrdagi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

–Biz Ellikqal’a tumanidagi bir qator mahallalarda bo‘lib, aholi xonadonlariga kirib, yerdan foydalanish darajasini o‘rgandik, –deydi O‘zbekiston fermer, dexqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. Xaitov. – Misol uchun, “Bo‘ston” mahallasida bo‘lganimizda Karimov Abdulla xonadonidagi kichik xajmdagi muzlatgichli omborxonani ko‘rdik. Unda mahalladagi tomorqa er egalari yetishtirgan oziq-ovqat mahsulotlari saqlanib kelinayotgan ekan. Shuningdek, “Iqbol” mahallasida istiqomat qiluvchi Qasqulaqov Muxtor 0,5 sotixlik tomorqasida kaliforniya chuvalchangi yetishtirib, biogumus ishlab chiqarib, qo‘shimcha daromad olmoqda. Mazkur mahallada yashovchi Abdullayev Atabek esa intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yibdi. Xonadon egalariga kelgusida yanada ko‘proq hosil olish va ishlarini rivojlantirish borasida o‘z tavsiyalarimizni berdik.
Ishchi guruhi “Ellikqala” ovul fuqarolari yig‘inida bo‘lib, Reyimbayev Ataxan xonadoni bo‘ldi. Tomorqa yer egasi dala do‘koni tashkil qilib, fuqarolarga arzon narxlarda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berayotgani, “Diyorbek gulzori” dehqon xo‘jaligida esa har xil turdagi mevali ko‘chatlar bozorga yetkazib berilayotganiga guvoh bo‘lindi.
Ishchi guruhi mahallalarda o‘tkazgan uchrashuvlarda aholi tomorqalaridan 2-3 marta hosil olish borasida tavsiya va tushuntirishlar berdi. Shuningdek, “Bir mahalla-bir mahsulot”, “Daladan do‘kongacha”, “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida uyma-uy yurish orqali dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanilishini, jumladan yerni tayyorlash, urug‘, ko‘chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish, chorva va parrandalarni ko‘paytirish bo‘yicha mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.
O‘zA