Ishchi guruh o‘rganishlar olib bormoqda
Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan joylarda o‘rganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar jarayonida Kogon tuman shtabi faoliyati hamda “yo‘l xarita”larda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi tanqidiy muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhi “qizil” toifaga kirgan Kogon tumanidagi “B.Naqshband” mahalla fuqarolar yig‘iniga borilib, mahallada xavfsiz muhitni yaratish, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, alohida toifadagi shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini o‘rgandi.
Shuningdek, Romitan tumanida tashkil etilgan shtab, ishchi guruh va mas’ullar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, “ijtimoiy profilaktika” ahvoli o‘rganilib, muammoli masalalar muhokama qilindi.

Tumandagi Alisher Navoiy va Afrosiyob mahallalarida “mahalla yettiligi” va “ijtimoiy profilaktika”ga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga “yo‘l xaritalar” ijrosi, yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlanganlar va ishsizlar jinoyatchilikni oldini olish maqsadida ularning bandligini ta’minlash, individual profilaktik tadbirlar o‘tkazish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hamda IIB tergov va navbatchilik qismi faoliyati o‘rganilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Navbatdagi o‘rganish ishlari Olot tumanida ham o‘tkazildi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan idoralar tomonidan tuzilgan “yo‘l xarita”lar va unda belgilangan vazifalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan manzilli chora-tadbirlarning tuman prokuraturasi huzurida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi tuman idoralararo muvofiqlashtirish shtabida muhokama qilinganligi ahvoli o‘rganilib, shtab va ishchi guruhi a’zolarining hisobotlari tinglandi.

Shuningdek, tumanning kriminogen vaziyati og‘ir Navro‘z va Ma’rifat mahallalariga borilib, “xavfsiz ko‘cha” va “xavfsiz yo‘lak”larni tashkil etish, joriy yil 2-choragi uchun tasdiqlangan “yo‘l xarita”sida ko‘rsatilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan ichki ishlar, milliy gvardiya, mahalla, yoshlar va boshqa mutasaddi idoralar mas’ullarining takliflari eshitilib, qarorda belgilangan huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan vazifalar yana bir bor ta’kidlanib, faoliyatni yanada jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.
Ishchi guruh tomonidan Buxoro shahridagi 32-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, shuningdek, mehnat jamoasida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati ham o‘rganildi. O‘rganish jarayonida maktabda joriy etilgan o‘quvchi va xodimlarning raqamli davomati bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotning taqdimoti o‘tkazildi.
“Korrupsiyadan holi maktab” loyihasi doirasida maktabning tashqi hududiga 2 ta PTZ kamera va 12 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilarning kirib-chiqishini nazorat qiluvchi “yuzni tanib olish” uskunasi joriy etilib, maxsus dasturga ulangan. Mazkur tizim orqali o‘quvchilarning maktabga kelib-ketishi haqida ota-onalarga SMS xabarnomalar yuborish, shuningdek, o‘qituvchilarning darsga hozir bo‘lishi va ketishini nazorat qilish imkoni yaratilgan.
Shuningdek, o‘rganish davomida dasturiy ta’minotni yanada takomillashtirish, yozgi ta’til davrida maktabda tashkil etiladigan oromgoh, to‘garaklar va sport zallaridan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.