Ishchi guruh Chust tumanida o‘rganish olib bordi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Chust tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab “Zarafshon” MMTP hududida boshoqli don ekilgan maydonlar ko‘zdan kechirildi. O‘rganish jarayonida bug‘doy, arpa ekinlari to‘liq unib chiqmagan maydonlarni o‘g‘itlash, sug‘orish yuzasidan tavsiyalar berildi.
[gallery-21387]
Shuningdek, “Norxo‘jayev” nomli MMTP hududidagi “Doniyorxon Qiziltepa” fermer xo‘jaligida boniteti past bo‘lgan maydonda yangi tashkil etilgan shaftolizor ko‘zdan kechirildi. 8 gektar maydonda intensiv usulda parvarishlanayotgan ko‘chatlar may oyida hosil berishi kutilmoqda. Shu kunlarda ko‘chatlarga ishlov berish ishlari davom ettirilayotir. Bog‘ni tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat rahbari bog‘ qator oralaridan ham unumli foydalanish, yetishtirilgan mevani eksportga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Keyingi manzil – “Mash’al” MMTP hududidagi “Habibullo Abdullayev” fermer xo‘jaligida g‘alla maydoniga ekilgan urug‘ hali to‘liq unib chiqmagan. G‘allazorni zudlik bilan sug‘orish, o‘g‘itlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu o‘rinda viloyat hokimi tumanda g‘alla rivoji ortda qolayotganiga e’tibor qaratib, ishlov berishni kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
O‘rganish jarayonida ichki sug‘orish tarmoqlarini tartibga solish, betonlash, shudgorlashni yakunlash, ayrim maydonlardagi chala qolgan g‘o‘zapoyalarni tozalash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ishchi guruh shuningdek, Qayirma mahallasida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA