Ishbilarmonlarga yana bir qulaylik
Namangan shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Lider mebel komplekt” xususiy korxonasi mebelsozlik yo‘nalishida barqaror rivojlanishga erishayotgan ishlab chiqarish subyektlaridan.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda muhim omil bo‘layotir.Prezidentimizning joriy yil 15-mayda qabul qilingan “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ishbilarmonlarga yanada qulaylik yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Namangan shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Lider mebel komplekt” xususiy korxonasi mebelsozlik yo‘nalishida barqaror rivojlanishga erishayotgan ishlab chiqarish subyektlaridan. Korxona 2010-yilgacha yakka tartibdagi xususiy tadbirkor sifatida ishlab kelgan Nosirjon Dadamirzayev tomonidan tashkil etilgan.
– Mamlakatimizda jamiyat taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi har qanday izlanish va tashabbuslarga keng yo‘l ochilgan, – deydi N.Dadamirzayev. – Maqsad ezgu va aniq, faoliyat qonuniy hamda hisob-kitobli bo‘lsa, kichik biznesda katta natijalarga erishish mumkin. Bunga o‘z faoliyatim davomida ko‘p bor ishonch hosil qilganman. Dastlab, mebelsozlik bilan yakka tartibdagi xususiy tadbirkor sifatida bir o‘zim shug‘ullangan bo‘lsam, bugungi kunda korxonada yigirmaga yaqin kishi doimiy ish bilan band. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirib, ko‘plab ish o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz. Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan farmoni biz, tadbirkorlarning yanada samarali faoliyat yuritishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Unda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortish darajasigacha oshirish, xususiy mulkni himoya qilish kafolatini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallatirish jarayonini davom ettirish belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartiblarini yanada soddalashtirish, barcha tekshiruvlarni rejali tartibda nazorat organlari tomonidan to‘rt yilda bir marta o‘tkazish kabi muhim jihatlar qayd etilgan. Bu iqtisodiyotda xususiy mulkning o‘rni va ahamiyatini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlar imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
“Lider mebel komplekt” xususiy korxonasida uy-ro‘zg‘or, idora, maktabgacha tarbiya, o‘quv va tibbiyot muassasalari uchun stol-stul, shkaf, krovat kabi ikki yuzdan ortiq turdagi mebel mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yili korxona tomonidan davlat buyurtmasiga ko‘ra, 800 million so‘mlikdan ziyod mahalliy xomashyodan tayyorlangan zamonaviy, sifati xorijnikidan qolishmaydigan jihozlar yetkazib berildi. Buyurtmachilar bilan doimiy hamkorlik korxona faoliyati izchilligini ta’minlamoqda. Joriy yilning birinchi choragida 110 million so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqargan korxona yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni bir milliard so‘mdan oshirishni rejalashtirgan.