Ishbilarmon inson “shoti ekib, arava undiradi”
Navoiy viloyatida davlat soliq xizmati organlari tashabbusi bilan 13 ta mahalla tanlab olinib, ichki ko‘chalarda so‘ri usulida uzum yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ixcham va zamonaviy ko‘rinishda barpo etilayotgan metall konstruksiyalar mahallaga o‘zgacha ko‘rk berish bilan birga uzum yetirishda yangi usul keng ommalashmoqda.
Xatirchi tumanida azaldan uzumchilik yaxshi rivojlangan. Mahalliy aholi qir-adirliklar yonbag‘irlarida mayizbop uzum yetishtiradi. Sifatli mayiz esa eksportga yo‘naltiriladi.
Vodiylik sohibkor Rizamat Musamuhamedov tomonidan ishlab chiqilgan tokni so‘rida o‘stirishning yaxshilangan usuli bugun Navoiy viloyatida ham keng ommalashmoqda. Xatirchiliklar ham 4-sektor rahbariyati tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, bu usulda uzum yetishtirish tajribasidan keng foydalanmoqda. Jumladan, tumanning “Qo‘shchinor”, “Chinobod”, “Chechakota”, “Xuddon” va “Bog‘ishamol” mahallalarida aholi tashabbusi bilan ko‘chalarda so‘rilar barpo etilmoqda.
Chechakotadagi bunday xayrli ishlarda tuman hokimi ham xalq bilan birga hasharda qatnashmoqda.
– Mahallamiz aholisi mehnatkash, tomorqadan unumli foydalanadi. Ayniqsa, 4-sektor rahbariyati tashabbusi, ya’ni uzumni bu usulda yetishtirish taklifi mahallamiz ahliga juda ma’qul tushdi, – deydi “Chechakota” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O‘ktam Ochilov. – Masalan, “Ko‘kcha” ko‘chamizda 480 tup uzum ekish maqsadida barpo etilayotgan uzum so‘rilari qo‘shni ko‘chalar aholisi qiziqishini uyg‘otib, ular ham amaliy ishlarni boshlab yubordi. Nasib etsa, pishiqchiliq mavsumida kelsangiz ko‘chalarimizda pishib turgan uzumlardan yeb ko‘rasiz.
Uzumdan 21 million daromad
Bu xuddonlik Shavkat akaning oddiy daromadi. U 25 yildan beri uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Hovli tomorqasiga kelinbarmoq ekkan bo‘lsa, ko‘cha yuzida toifi parvarishlamoqda. O‘tgan yili mehnatkash inson 3 tonna hosil yig‘ib, uzumning o‘zidan 21 million so‘m daromad qildi.
So‘rida tartib bilan tarab qo‘yilgan toklarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Ayniqsa, bahorda uning manzarasi bo‘lakcha bo‘ladi.
– Uzumchilikka juda qiziqaman, – deydi Shavkat G‘aybullayev. – Xalqimizda azaldan hashar, butun mahalla bir bo‘lib, turli tadbirlar o‘tkazish an’anasi bor. Bir ko‘chada qo‘ni-qo‘shnilar birdamlikda hosil yetishtirsa, arig‘imiz bir, birga hashar qilib mehnat qilsak, ahil-inoqchilik yanada mustahkamlanadi. Qolaversa, qaysi ko‘chada hosil mo‘l bo‘laversa, u yerdagi tajriba boshqa ko‘chalarga ham ommalashaveradi.

Navbahor tumanining “O‘zbekiston” mahallasida Yangi O‘zbekiston nafasi shudoqqina ufurib turibdi. Mahallaning “Kamalak” ko‘chasining asosiy qismida voish tiklanib uzum ekilayotgan bo‘lsa, yana bir qismiga shag‘al yotqizilmoqda.
Viloyat bo‘yicha mahallalar ko‘chalariga ya’ni, 2 kilometr 68 metr masofaga qariyb 5 ming tup tokning Rizamat, kelin barmoq, ketmon sopi, toifi, mers kabi bir qator sara navlaridan ekish belgilangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra 1 ming 734 nafar aholi yoki 356 xonadonda qo‘shimcha daromad manbai yaratilmoqda. Ana endi, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, uzum 2-3 yilda hosilga kirsa, 3-yilda bir tup tok parvarishiga qarab 30 kilogramgacha hosil beradi. Demak, dastlab 5 ming tup tokdan 15 tonna hosil olinadi. 10 yildan so‘ng esa, har bir tup 300 kilogrammdan hosil bersa, bu ko‘rsatkich 1 ming 500 tonnaga yetadi. Shunda, 356 xonadonning har biriga 4,2 tonnadan hosil to‘g‘ri kelsa, uzum narxi o‘rtacha 10 ming so‘mdan hisoblanganda ham bir yilda bir xonadon uzumning o‘zidan 42 million so‘m daromad oladi.
Muhimi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallaning o‘zida sifatli hamda arzon narxlarda meva yetishtiriladi. Pirovard natija, mahalla va el dasturxoni to‘kin bo‘ladi.
Nuriddin Rahimov,
Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari.
O‘zA