Irodali para akademik eshkak eshuvchilarimiz jahon chempionati finalida
Bugun, 24 sentyabrdan Xitoyning Shanxay shahrida para akademik eshkak eshish bo‘yicha boshlangan jahon chempionatida mamlakatimiz sharafini 4 nafar matonatli sportchimiz himoya qilmoqda.
24 ta davlatning 108 nafar sportchisi ishtirokida o‘tayotgan chempionatning ilk kunida hamyurtlarimiz Diyorbek Boybo‘lsinov hamda Muhayyo Abdusattorova juftligi aralash juftlik dasturida muvaffaqiyatga erishdi.

Hamyurtlarimiz 08:55.41 soniyada marra chizig‘ini bosib o‘tib, guruh bahsida 4-o‘rinni egalladi va final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Endi Boybo‘lsinov/Abdusattorova juftligi 27 sentyabr kuni jahon chempionatining “B” guruhidagi final bahslarida startga chiqadi.
Terma jamoamiz a’zolari Dinara Belyanina va Akbarali Abduvaliyev ertangi dasturlarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
Chempionat 28 sentyabrga qadar davom etadi.
Sherbek Islomov, O‘zA