Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Toza energiya markazi ustavi ratifikatsiya qilinmoqda
Senatning yigirmanchi yalpi majlisida “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Toza energiya markazi ustavini (2021-yil 27-noyabr, Ashxobod) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur ustav Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida toza va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish hamda past uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilaydi.
– Ustavga muvofiq, Toza energiya markazi a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni muvofiqlashtiradi, - dedi Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raimi Alisher A’zamxo‘jayev. – Qayta tiklanuvchi energetika va energiya samaradorligi bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashadi. Xalqaro moliyaviy va texnik resurslarni jalb etish, shuningdek, energetika sohasida tajriba va ma’lumot almashinuvini rivojlantirishga yordam beradi.

Ustavning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan “yashil” energetika sohasidagi hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro moliyaviy resurslar, grantlar va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini oshiradi.
Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ilg‘or texnologiya va tajribalarni joriy etish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur hujjatning amalga kiritilishi mamlakatimizning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish va past uglerodli rivojlanish bo‘yicha maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida energetika sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
N.Abduraimova, O‘zA