Iqlimga chidamli ekinlar va oziq-ovqat xavfsizligi
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklanishi, tuproq sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik va o‘simlik kasalliklari qishloq xo‘jaligi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, ekinlar hosildorligini oshirish va qishloq xo‘jaligining raqobatbardoshligini kuchaytirishda zamonaviy genomika, bioinformatika va biotexnologiya muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazida ushbu yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilayotir. Markaz olimlari g‘o‘za, bug‘doy, kartoshka, soya, makkajo‘xori, uzum va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik imkoniyatlarini o‘rganish, yuqori hosildor, kasalliklarga hamda noqulay iqlim sharoitlariga chidamli navlarni yaratish ustida ishlamoqda.
OAV uchun kontent tayyorlash markazida Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova hamda Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Bo‘riyev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shular haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, Markazda zamonaviy biotexnologik usullar asosida yuqori hosildor kartoshka va bug‘doy navlari yaratilgan. Jumladan, biotexnologik usulda yaratilgan “Bisyor” kartoshka navi xalqaro darajada e’tirof etilgan ishlanmalardan biridir.
Bug‘doy seleksiyasida ham muhim natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Xususan, sariq zang kasalligiga chidamli va sifat ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadigan yangi “Sarnav” bug‘doy navi yaratildi. Mazkur nav davlat nav sinoviga topshirilgan. Shuningdek, kasalliklarga chidamli istiqbolli bug‘doy liniyalari Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining turli agroiqlim sharoitlarida o‘rganilmoqda.
Iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida qurg‘oqchilikka chidamli soya va makkajo‘xori navlarini yaratish bo‘yicha ham ilmiy ishlar olib borilmoqda. Ushbu tadqiqotlar suv tanqisligi sharoitida barqaror hosil olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Markazning eng muhim ilmiy yo‘nalishlaridan biri g‘o‘za genomikasi va biotexnologiyasidir.
Markaz olimlari tomonidan gen-nokaut texnologiyasi asosida yaratilgan “Porloq”, “Matonat” va “Bardosh” g‘o‘za navlari yuqori hosildorligi, sifatli tolasi, qurg‘oqchilikka, sho‘rga chidamliligi bilan ajralib turadi.
Bu kabi biotexnologik ishlanmalar paxtachilikda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, mahsulot sifatini yaxshilash hamda to‘qimachilik sanoati uchun raqobatbardosh xomashyo yetishtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston seleksiyasiga mansub jami 100 ta uzum navining genetik xususiyatlari genom darajasida o‘rganildi. Ushbu tadqiqotlar mahalliy uzum navlarining genetik xilma-xilligini saqlash, qimmatli belgilarni aniqlash va istiqbolli yangi navlarni yaratish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Markaz ishlanmalari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, 2026-yil iyul oyida Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan “KIWIE-2026” xalqaro ixtirolar ko‘rgazmasida Markaz olimlari tomonidan taqdim etilgan uchta innovatsion ishlanma oltin medal bilan taqdirlandi. Ular orasida “Bisyor” kartoshka navi, “Barkamol” navi hamda biotexnologik genetik konstruksiya mavjud.
– Genomika va biotexnologiya sohasidagi tadqiqotlarning asosiy maqsadi faqat yangi genlarni aniqlash yoki laboratoriyada tajribalar o‘tkazish bilan cheklanmaydi, – dedi Zabardast Bo‘riyev. – Ularning muhim vazifasi ilmiy natijalarni amaliy seleksiyaga tatbiq etish, yuqori hosildor va chidamli navlar yaratish orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligini ta’minlashdir. Mahalliy sharoitga moslashgan, kasalliklar va iqlim stresslariga chidamli ekin navlarini yaratish oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, importga qaramlikni kamaytirish, mahsulot sifatini oshirish va agrar sohaning eksport salohiyatini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Anjumanda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi zamonaviy ilm-fan yutuqlarini mamlakat qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, milliy genetik resurslarni saqlash va biotexnologik innovatsiyalarni rivojlantirish yo‘nalishida o‘z ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA