“iPhone” telefonlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
“Toshkent-AERO” IBK tezkor tuzilmalari avtomashinada yashirilgan pirotexnika vositalari hamda “iPhone” telefonlarining ichki hududdagi noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan, “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda to‘xtatildi.
Avtomashina ko‘zdan kechirilganda esa uning ichida xorijda ishlab chiqarilgan, 2 turdagi jami 35 ming 562 dona pirotexnika vositalari hamda 15 dona “iPhone” rusumli uyali aloqa vositalari borligi aniqlanib, vaqtincha saqlovga olindi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur pirotexnika vositalari hamda smartfonlarning dastlabki taxminiy qiymati 160 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA