Ipakchilikda xorijiy hamkorlik rivojlanmoqda
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida hindistonlik tadbirkor Amar Bxayya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita raisi I.Yergashev hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi O.Jumayev tadbirkor bilan Hindiston ipakchiligidagi erkin bozor tamoyillarini O‘zbekistonga joriy qilish istiqbollarini muhokama qildi. Namangan viloyatidagi “Verigrow ipagi” MCHJ shaklidagi xorijiy korxona faoliyatini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Xitoyning Janubiy-G‘arbiy universiteti professorlari, “Muguan Ltd” va “Tongxiang Tonghui Seedlings Co., Ltd." tutchilik va ipak qurti urug‘chiligi kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan muzokaralar olib borildi.

Uchrashuvda Toshkent shahridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlik o‘rnatish, yurtimiz viloyatlarining birida ipakchilik klasterini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy universiteti va ushbu Xitoy kompaniyalari hamkorligida O‘zbekiston sharoiti uchun mos, serhosil tut navlari va ipak qurti urug‘larini yaratish ustida ishlashni rejalashtirmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA