Ipak yöli böylab sayohat qiliş — tarixiy afsona va sirli olamning bir qismiga aylaniş demak
Buyuk ipak yöli nafaqat tarixiy savdo yöli, balki xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalarni birlaştirgan ulkan meros.
Bugun uşbu tarixiy yönaliş böylab sayohat qilişni istagan sayyohlar eʼtibori yana Özbekistonga qaratilmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Telegraph” gazetasida eʼlon qilingan maqolada söz boradi. Naşrda “Buyuk ipak yöli böylab noyob sarguzaşt” sarlavhasi ostida çop etilgan maqolada Özbekiston Markaziy Osiyoning eng muhim tarixiy-madaniy turizm maskanlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. Unda, ayniqsa, asrlar davomida xalqaro savdo, madaniy almaşinuv va turli sivilizatsiyalar uçraşuv nuqtasi bölib kelgan Samarqand, Buxoro va Xiva şaharlarining öziga xos qiyofasiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Maqola mualliflari Özbekistonning meʼmoriy obidalarini Buyuk ipak yölining haqiqiy ramzlari sifatida baholaydi. Xususan, Xivadagi Toşhovli saroyi, Buxorodagi Kalon masjidi, Samarqanddagi Registon maydoni va Bibixonim masjidining mahobati, nafis bezaklari va betakror meʼmoriy yeçimlari alohida tilga olingan.
Mazkur meros haqida maqolada şunday eʼtiroflar örin olgan: “Ipak yöli ipakdan qurilmagan. U faqat ipak taşiş uçun xizmat qilgan savdo yöli ham emas. Bu ikki jozibali söz ortida aslida quruqlikdagi savdo yöllari va dengiz qatnovi yönalişlaridan iborat ulkan tarmoq mujassam. Uşbu yönalişlar orqali çöllar, daştlar, köllar va toğ tizmalarini turli yöllar bilan kesib ötiş yoki ularni aylanib ötiş mumkin bölgan. Uning böyida joylaşgan köplab qadimiy şaharlar nomining öziyoq tasavvurimizni junbuşga keltiradi. Biz esa xayolan yanada uzoqlarga — afsonaviy va sehrli ölkalarga, Xonbaliq, Şangri-La va Şambala kabi sirli makonlarga sayohat qilamiz. Bu yölning maşhurligiga uning nihoyatda ulkan kölami ham sabab bölgan. Savdo yönalişlari qariyb 21 ming milga çözilib, 40 dan ortiq mamlakat hududidan ötgan, Xitoy va Hindistonni Falastin hamda Italiya bilan boğlagan. Ayrim tovarlar hatto Buyuk Britaniya va Irlandiyagaça yetib borgan. Ulkan moviy osmon ostida yoki yulduzlarga töla tunlarda Ipak yöli böylab sayohat qiliş — tarixiy afsona va sirli olamning bir qismiga aylaniş demakdir” .
Naşr Özbekistonning turistik jozibasini faqat tarixiy yodgorliklar bilan çeklamaydi. Milliy anʼanalar, hunarmandçilik sanʼati, öziga xos gastronomiya va xalqimizning samimiy mehmondöstligi ham mamlakatni xorijlik sayyohlar uçun jozibador maskanga aylantirayotgan muhim omillar sifatida qayd etilgan. Maqola yakunida Özbekiston xalqaro turizmni rivojlantiriş, Buyuk ipak yölining asosiy sayyohlik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaş uçun ulkan salohiyatga ega ekani eʼtirof etilgan. Xorijiy nufuzli naşrlarda mamlakatimizning tarixiy-madaniy boyligi va sayyohlik imkoniyatlari haqidagi maqolalarning eʼlon qilinişi Özbekistonning xalqaro turistik imijini mustahkamlaşda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toşqorayeva,
ÖzA