IOTAga a’zolik O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlarni ochadi?
Bugungi kunda soliq ma’murchiligida samaradorlik, shaffoflik va raqamlashtirish jarayonlari har bir davlat iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. O‘zbekiston ham soliq tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or boshqaruv usullarini joriy etish yo‘lidan bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizning IOTA – Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotiga qo‘shilishi soliq sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim qadam hisoblanadi. Bu a’zolik nafaqat tajriba almashish, balki soliq xizmatlarini yanada takomillashtirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va O‘zbekiston soliq ma’murchiligining xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Asilbek Mo‘minov mazkur yangiliklarning ahamiyati, O‘zbekiston soliq tizimi rivojidagi o‘rni va kelgusidagi natijalari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– So‘nggi kunlarda mamlakatimizda soliq sohasida ketma-ket ikkita ahamiyatli yangilik e’lon qilindi. Birinchisi, mamlakatimizning nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lishi, ikkinchisi esa soliq xizmati uchun mutaxassis tayyorlaydigan alohida oliy ta’lim muassasasining tashkil etilishi. Ikki voqeani bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, chunki ular o‘zbek soliq tizimini zamonaviylashtirish, uni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish yo‘lidagi izchil siyosatning bir-birini to‘ldiruvchi bosqichlari sifatida baholanadi.
Yaqinda Vengriya poytaxti Budapeshtda Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkiloti – IOTAning 30-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Soliq qo‘mitasi raisi F.Po‘latov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham qatnashdi. Aynan mazkur assambleya doirasida O‘zbekiston ushbu tashkilotga rasman a’zo sifatida qabul qilindi.
Bu voqeani shunchaki protokol tadbiri sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘zbekistonning IOTAga qabul qilinishi mamlakatning Yevropa mintaqasidagi soliq ma’muriyatlarining nufuzli professional hamjamiyatiga to‘laqonli integratsiyalashuvi, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va almashish, shuningdek, raqamli soliq xizmatlarini yanada rivojlantirishda zamonaviy yondashuv va ekspertizalardan foydalanish uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur a’zolik O‘zbekiston soliq tizimining ochiqligi, samaradorligi va xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanayotganini namoyon etuvchi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, u soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro munosabatlarni yanada qulay va zamonaviy tamoyillar asosida yo‘lga qo‘yish jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Ikkinchi yangilik esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri kadrlar masalasiga daxldor. Davlat rahbarining 2026-yil 16-iyundagi PQ-227-son qaroriga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etilishi belgilandi.
Yangi muassasaning asosiy vazifalari sifatida soliq organlari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash va ularning malakasini muntazam oshirish, shuningdek, soliq sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, Oliy maktab respublikada soliq yo‘nalishi bo‘yicha bazaviy ilmiy-metodik markaz vazifasini bajaradi va akademik, moliyaviy hamda tashkiliy mustaqillik asosida faoliyat yuritadi. Bakalavriat yo‘nalishlariga talabalar qabuli 2026/2027 o‘quv yilidan, magistratura va doktorantura bosqichlari esa 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Bitiruvchilar soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi hamda moliyaviy nazorat yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis sifatida shakllanadi.
Diqqatga sazovor jihatlardan biri shuki, ta’lim natijasi nafaqat davlat namunasidagi diplom, balki soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun zarur kurslarni tugatganlik haqidagi hujjat bilan ham mustahkamlanadi. Bundan tashqari, ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ACA kabi xalqaro buxgalteriya va audit sertifikatlariga ega talabalar uchun o‘quv xarajatlari Oliy maktab hisobidan qoplanishi nazarda tutilgan va bu kelajakda yuqori malakali, xalqaro tan olingan mutaxassislar safi kengayishiga xizmat qiladi.
Qabul jarayoni ham e’tiborga molik. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili davlat granti asosida 50 tagacha o‘rin ajratiladi, “Soliqlar va soliqqa tortish” yo‘nalishi bo‘yicha davlat buyurtmasi esa ustuvor tartibda aynan shu muassasaga yo‘naltiriladi.
Bir qarashda turli sohaga tegishli ko‘rinsa-da, ushbu ikki yangilik bir-birini mantiqan to‘ldiradi. IOTAga a’zolik mamlakatga xalqaro tajriba va standartlarga kirish eshigini ochsa, Soliq oliy maktabining tashkil etilishi bu standartlarni amalda joriy etadigan, ularni o‘zlashtira oladigan kadrlar tayyorlash imkonini beradi. Ikki qadam birgalikda soliq xizmatining institutsional salohiyatini mustahkamlash, uni zamonaviy, raqamlashgan hamda xalqaro miqyosda tan olingan tizimga aylantirish yo‘lidagi muhim bosqichdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.