Investitsiya loyihalari ijrosi muhokama qilindi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning hududlardagi samaradorligi, avvalo, investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bilan belgilanadi.
Bu jarayonda xalq vakillari tomonidan olib borilayotgan deputatlik nazorati hamda jamoatchilik eshituvlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tuman Kengashi deputatlari, doimiy komissiya a’zolari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida aynan shu masala – tumanda 2026-yilda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va tashqi savdo ko‘rsatkichlari muhokama markazida bo‘ldi.

Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan hududiy investitsiya dasturining ijrosi yuzasidan batafsil axborot berildi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2025-yil 27-dekabrdagi majlis bayonnomasiga muvofiq, tumanda joriy yilda umumiy qiymati 53,5 milliard so‘m bo‘lgan 14 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish belgilangan.
Ushbu mablag‘larning 47,7 milliard so‘mi tadbirkorlarning o‘z mablag‘i hisobiga, 5,8 milliard so‘mi esa tijorat banklari krediti hisobiga to‘g‘ri keladi. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida 149 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va hudud iqtisodiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Investitsiya dasturlarining ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini kuchaytirish maqsadida xalq deputatlari Bo‘zatov tuman Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari tomonidan loyihalar joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganishlar davomida “Kenjebek Davletiyar” hamda “Mnajatdinov Azamat Paraxatovich” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari holati ko‘zdan kechirildi. Loyihalarning amalga oshirish darajasi, investitsiyalarni o‘zlashtirish sur’ati, yaratilayotgan ish o‘rinlari hamda belgilangan rejalarning bajarilishi atroflicha tahlil qilindi.
Jamoatchilik eshituvi va o‘rganishlar yakunida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, hududning investitsion jozibadorligini yanada oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Doimiy komissiya tomonidan mazkur masala yuzasidan tegishli xulosa qabul qilinib, uning ijrosini nazorat qilish belgilandi.
O‘zLiDePning iqtisodiy taraqqiyot, xususiy mulk va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturiy maqsadlari nuqtai nazaridan qaraganda, bunday jamoatchilik eshituvlari va deputatlik nazorati tadbirlari hududlarning barqaror rivojlanishiga, aholi bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladigan muhim mexanizmlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri