Investitsiya loyihalari amalda
“O‘zsuvta’minot” AJ mas’ullari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, bugungi kundagi muammo va ularni yechimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, joriy yilda barcha dasturlar hisobidan
710 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun 2,3 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Rejadagi 6 ming 200 kilometrdan 3 ming 959,9 kilometr ichimlik va 136,3 kilometr oqava suv tarmog‘larini qurish, rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Natijada 873 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilangan.
— Hududlarda ichimlik suv ta’minoti va oqava suv tizimini yaxshilash yuzasidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard 350 million AQSH dollarga teng bo‘lgan 22 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, - deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Rustam Mamadjanov. - Jumladan, ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki bilan 5 tadan, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan 6 ta,
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki bilan 1 tadan, Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg‘armalari bilan 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu 22 ta loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining 1 milliard 973 million dollar miqdordagi qarz mablag‘lari jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Uning hisobidan 2021 yilning 7 oyida 167,8 kilometr ichimlik suvi quvurlari (shundan, 156,4 km – yangi qurilish) hamda 63,4 kilometr kanalizatsiya quvurlari (41,8 km – yangi qurilish) qurildi va rekonstruksiya qilindi. Qolaversa, o‘zlashtirilgan kredit mablag‘larining asosiy qismi Buxoro, Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 1 ta suv tozalash inshooti, 8 ta suv taqsimlash inshooti, 6 ta suv qudug‘i, 1 ta suv minorasi, 1 ta kanalizatsiya tozalash inshooti, 1 ta kanalizatsiya nasos stansiyasi qurildi va rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, tadbirda ichimlik suv ta’minoti va oqava suv tizimlaridagi mavjud kamchiliklar va ularning kelgusidagi yechimi xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
- Respublikadagi mavjud 10 ming 275 ta ichimlik suv inshootlarining loyihaviy quvvati 13 ming 115 ming m3/sutka bo‘lib, amalda 8 ming 171 ming m3/sutka bilan ishlab kelmoqda, - deydi “O‘zsuvta’minot” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov. - Ushbu inshootlardan 2 ming 568 tasi ta’mirlashga muhtoj. Mavjud 72 ming kilomter ichimlik suv tarmoqlaridan 27,3 ming kilometrini ham ta’mirlash zurur. Yurtimizda jami 58 ta oqava suv tozalash inshootlari mavjud bo‘lib, ularning umumiy quvvati 3 ming 82 ming metr kub/sutkani tashkil etadi. Jami 8 ming 621 km oqava suv quvurlari mavjud bo‘lib, 1 ming 919 km ta’mirtalab holatda. Umumiy hisobda respublikada oqava suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi 17 foizni tashkil etadi. Yuqoridagi loyihalar va Prezidentimizning tizimga oid islohotlari natijasida ushbu muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilayotir.
[gallery-3403]
Nilufar Bozorova, Oqil G‘ulomov, O‘zA