Intellektual mulkning himoyasi kuchaytiriladi
Mamlakatimizda intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilindi. Xususan, sohaga oid qonunchilik bazasi shakllantirilib, davlat siyosati samarali yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini ta’minlash, jamiyatda huquqbuzarliklarga qarshi toqatsizlik munosabatini shakllantirish hamda fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilishdan manfaatdorligini ta’minlovchi huquqiy mexanizmlarni qonunchilikda mustahkamlash talab etilmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Xususan, deputat Gulbahor Saidg‘aniyevaning aytishicha, qonun loyihasining tushuntirish xatida intellektual mulkka nisbatan huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo chorasi sifatidagi jarima davlat byudjetiga tushgani bunday turdagi huquqbuzarliklarning oldini ololmayapti, deb belgilab qo‘yilgan. Shu sababli deputat huquq egasiga zararni qoplash yoki tovon to‘lanishi bilan jarima bekor qilinadimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Qonun tashabbuskorlari ushbu savollar yuzasidan batafsil tushuntirish berib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi, sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sifat jihatdan yaxshilanishi hamda huquqbuzarliklar soni kamayishiga hamda intellektual mulkning himoyasi kuchaytirilishiga xizmat qiladi.
Muhokama va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA