Intellektual mulk huquqlari himoyasi kuchaytiriladi
Parlament quyi palatasi majlisida intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu hujjat intellektual mulk sohasida huquqiy muhofaza va himoya mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlari va investorlar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarlar, jumladan adabiy, ssenariy, musiqali, xoreografiya, audiovizual, arxitektura, dizayn kabi asarlarga bo‘lgan mulkiy huquqlarni tartibga solishda tomonlarning shartnomaviy erkinligi ta’minlanmoqda.
Xususan, xizmat asarlariga oid mulkiy huquqlarning o‘n yildan keyin avtomatik ravishda muallifga o‘tishi haqidagi norma bekor qilinib, mazkur munosabatlarni shartnoma asosida belgilash nazarda tutilmoqda.
Intellektual mulk ob’ektlari bo‘yicha davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarga Apellyatsiya kengashiga murojaat qilish bilan bir qatorda, bevosita sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda. Bu fuqarolar va tadbirkorlarning sud orqali o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatini kengaytirib, buzilgan huquqlarni tiklashga xizmat qiladi.
Shuningdek, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutuqlariga oid patentlarning amal qilishini saqlash uchun davlat bojini oldindan to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda. Bu huquq egalari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, patentlarning texnik sabablarga ko‘ra amaldan chiqib ketishining oldini olish hamda intellektual mulk ob’ektlaridan samarali foydalanishni ta’minlashga imkon beradi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish va himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahalliy hamda xorijiy investorlar uchun ishonchli huquqiy muhit yaratish, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish hamda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA