“Inson uchun – 2026” festivali –inson qadri va imkoniyatlar maydoni
“Inson uchun – 2026” festivali mamlakatimizda inson qadri, ijtimoiy himoya va inklyuziv rivojlanish tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni jamoatchilikka yaqindan tanishtirishga qaratilgan muhim platforma sifatida o‘z faoliyatini boshladi.
Festival doirasida ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik loyihalari hamda inklyuziv mehnat bozorini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar keng yoritilmoqda. Shu bilan birga, aholining ehtiyojmand qatlamlari, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, talabalar va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xizmatlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etilmoqda.

Shuningdek, “Imkoniyatlar yo‘li” maydoni tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu hudud insonning bolalik davridan boshlab ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, mustaqil hayotga qadam qo‘yishi va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishigacha bo‘lgan hayotiy yo‘lini aks ettiradi. Bu yerda ijtimoiy himoya tizimining har bir bosqichdagi ko‘magi, imkoniyatlarni kengaytirish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish va jamiyatdagi faol ishtirokni ta’minlash g‘oyalari mujassam.

“Inson uchun” festivalining ikkinchi kuni ham dolzarb mavzularga boy panel sessiyalari bilan boshlandi. Kunning ilk sessiyasi “Moliyaviy savodxonlik: Pulni boshqarish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Sessiyada Xalqaro “EFI” iqtisodiy tashkiloti vakili, “Westminster” universiteti katta o‘qituvchisi, PhD Timur Mahkamov moliyani to‘g‘ri boshqarish, daromad va xarajat muvozanati hamda moliyaviy erkinlik sari muhim qadamlar haqida foydali ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Bilim, motivatsiya va amaliy tavsiyalar uyg‘unlashgan ushbu sessiya ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Festival doirasidagi “Imkoniyatlar yo‘lagi” — ijtimoiy xodim interaktiv simulyatori ham tadbirning diqqat markazidagi loyihalardan biriga aylandi.

Mazkur maydon tashrif buyuruvchilarga ijtimoiy xodim faoliyatini bevosita his qilish, hayotiy vaziyatlarda qaror qabul qilish jarayonini sinab ko‘rish hamda ijtimoiy xizmatlarning ahamiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.
Simulyatorda 50 ga yaqin ishtirokchi o‘zini ijtimoiy xodim rolida sinab ko‘rdi va turli keys-vaziyatlar ustida ishladi.

Shuningdek, festival doirasida mamlakatimizning barcha hududlaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli savdo-ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada “Yagona reyestr”ga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan fuqarolar bandligini ta’minlashda faol ishtirok etayotgan 130 ta tadbirkorlik sub’ekti hamda 20 nafar hunarmand tomonidan tayyorlangan qariyb 2 ming turdagi milliy mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA