Inson salomatligi oliy qadriyat
Joriy yilning oktyabr oyi mamlakatimiz keksalari uchun eʼtibor va eʼzozga oyligi sifatida qaraldi.
Joriy yilning oktyabr oyi mamlakatimiz keksalari uchun eʼtibor va eʼzozga oyligi sifatida qaraldi.
Toshkent shahar Xalq qabulxonasi, Respublika Mahallalar kengashi hamda “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya fondi hamkorligida “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – insoniylikning eng oliy mezoni” mavzusida Toshkent shahrining 41 ta, Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanining 9 ta mahallasida tashkil etilgan xayriya tadbirlarida 2 ming 122 kam taʼminlangan oilalar aʼzolari, keksalar va faxriylar, boquvchisini yoʻqotgan bemorning salomatligi nazoratga olindi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganlarining 1 ming 100 nafari UTT, 779 nafari EKG, 572 nafari okulist, 905 nafari laboratoriya, 16 nafari kolposkopiya tekshiruvlaridan oʻtkazilib, xastaliklar aniqlanganlari roʻyxatga olindi va tegishli tavsiyalar berildi. 1056 fuqaroga 1,22 milliard soʻm miqdorida dori-darmon va gigiyenik vositalar bepul taqdim etildi.
Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻiboti va kasalliklar profilaktikasi boʻyicha tibbiyot xodimlari tomonidan jami 27-marta maʼruza va davra suhbati tashkil etildi.
Ushbu xayrli tadbirlar davom ettirilayotgani keksalar va faxriylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligining yana bir amaliy isbotidir.
Bugun poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Yuzrabot mahallasida ayni shu yoʻnalishda xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida Yuzrabot, Yalangʻoch, Beshkapa, Uygʻonish, Munavvar qori mahallasidan 400 dan ortiq kam taʼminlangan oilalar aʼzolari, ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar, shu jumladan, harakat qilishi cheklangan va yotoq holdagi keksa bemorlar mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. 116 fuqaroda turli darajadagi kasalliklar aniqlanib, ularning 39 nafari davolanish uchun nazoratga olindi. 43 fuqaroga 12 turdagi zaruriy dori-darmonlar tarqatildi.
Tadbir davomida Toshkent shahar Xalq qabulxonasi, Respublika Mahallalar kengashi rahbariyatining sayyor qabuli tashkil etildi. Respublika mahallalar kengashi raisi oʻrinbosari Botir Parpiyev tomonidan 12 fuqaro qabul qilinib, ulardan 9 nafarining muammosi joyida hal etildi.
Tadbir jarayonida 17 keksa va faxriy, 20 nogironligi bor fuqaro, 13 kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan oilaga borilib, oziq-ovqat mahsulotlari, zaruriy dori-darmonlar taqdim etildi.
Xayriya tadbirida ishtirok etgan barcha fuqarolar va tashrif buyurgan tashkilot vakillari uchun dasturxon yozilib, madaniy dastur namoyish etildi.
Tadbirda Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi Sh.Ergashev, Respublika mahallalar kengashi raisi oʻrinbosari B.Parpiyev, “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya fondi raisi S.Inamova, tuman prokurori R.Hakimov fuqarolar bilan suhbatlashdi.