Inson salomatligi – islohotlar markazida: milliy tibbiyotning yangi taraqqiyot bosqichi
Yurtimizda oxirgi o‘n yillik aholi sog‘lig‘ini saqlash va tibbiyot infratuzilmasini modernizatsiya qilishda keskin burilish davri bo‘ldi. Buni raqamlar va hayotiy misollar yaqqol isbotlab turibdi. Jumladan, bugungi kunga qadar 10 million aholiga xizmat ko‘rsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar foydalanishga topshirilib, 58 ming yangi shifo o‘rni yaratildi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilishi va zamonaviy muassasalar ko‘payishi hisobiga tibbiy xizmatlar hajmi uch baravarga oshdi.
Eng muhimi, ilgari faqat xorijda o‘tkazilgan 100 dan ortiq murakkab operatsiyalar, jumladan, tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash, a’zolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi og‘ir jarrohlik amaliyotlari endilikda mamlakatimizda muvaffaqiyatli bajarilmoqda.
Qolaversa, farmatsevtika mustaqilligini ta’minlash borasida ham salmoqli qadamlar tashlandi. Ichki ehtiyojning 70 foizini mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplash maqsadida, so‘nggi yillarda qiymati 1 milliard dollarlik 330 ta yangi quvvat ishga tushirildi. Hozirgi kunda “Tashkent Pharma City” klasteri hamda Andijon, Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlaridagi farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalarida umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan transformatsiya qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yanada yaqinlashtirish, sohani raqamlashtirish va farmatsevtika bozorini tartibga solishga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishda ushbu ulkan o‘zgarishlar ortida sohada mehnat qilayotgan 800 mingdan ziyod fidoyi xodimning halol mehnati turgani e’tirof etilib, soha ilg‘orlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, tibbiyotdagi ilg‘or ishlanmalar va fidokorona mehnatni rag‘batlantirish uchun buyuk bobomiz Ibn Sino nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi.

Barchamizga ma’lum so‘nggi vaqtlarda tibbiyot tizimining poydevori bo‘lgan oilaviy poliklinikalar faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilda 28 ta tumanda o‘tkazilgan yangi tajriba-sinov modeli to‘liq o‘zini oqladi. Ushbu hududlarda 7 million aholi oilaviy shifokorlarga nomma-nom biriktirilib, dispanserizatsiya va bemor marshruti qayta ko‘rib chiqildi. Kafolatlangan paket doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasi bepul berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Buning natijasida aholining mahalliy poliklinikalarga bo‘lgan ishonchi sezilarli darajada ortdi. Ushbu muvaffaqiyatli model kelasi yildan e’tiboran yana 100 ta tumanda joriy etiladi. Aholi uchun bepul beriladigan dorilar turi 73 taga, bepul tibbiy tekshiruvlar turi esa 36 taga yetkaziladi.
Erta tashxis qo‘yish va kasalliklarning oldini olish borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Xususan, infarkt va insultning oldini olish hamda “oltin soat” ichida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi natijasida qisqa muddatda 855 nafar inson bevaqt o‘lim va nogironlikdan saqlab qolindi. Kelasi yili ushbu dasturga 280 milliard so‘m ajratilib, mamlakatdagi qamrov to‘liq ta’minlanadi. Shuningdek, onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha Samarqand viloyatida boshlangan tajriba bosqichma-bosqich butun respublikaga tatbiq etilib, bu maqsadlar uchun yiliga 700 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shifokorning har bir xatti-harakati ortida inson hayoti va taqdiri turgani bois, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi ham tubdan isloh qilinmoqda. Kelasi yildan boshlab ta’lim jarayoni bevosita amaliyot bilan bog‘lanadi. Bunda talablar haftada 3 kun bemor bilan ishlaydi, bitiruvchi kurs talabalari esa to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyot o‘taydi. Shuningdek, kadrlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bakalavr darajasidagi hamshiralarga 1,5 million so‘m, magistrlarga 2,5 million so‘m, tor soha oilaviy shifokorlariga esa 5,5 million so‘mgacha qo‘shimcha ustama belgilanadi.
Sohada shaffoflikni ta’minlash va faqat professionallar ishlashi uchun 2027-yil 1-iyuldan tibbiyot xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi boshlanadi. Ro‘yxatdan o‘tgan shifokorlarga 7 million so‘m, hamshiralarga esa 3,5 million so‘m qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Shu bilan birga, raqamlashtirish jarayonlari ham yangi bosqichga ko‘tarilib, kelasi yilda kardiologiya, oftalmologiya, gepatologiya va gematologiya kabi 10 ta yo‘nalishda sun’iy intellekt tizimlari ishga tushiriladi. Bu yangiliklar shifokorlarga bemorni masofadan kuzatish, tashxis qo‘yish va dorilar xavfsizligini nazorat qilishda yaqindan yordam beradi.
Yig‘ilishda shifokorlar uchun munosib sharoit yaratish va ularning mashaqqatli mehnatini munosib baholashga ham alohida e’tibor qaratildi. Zero, munosib mehnat sharoiti va haqqoniy rag‘batgina insonning o‘z kasbiga bo‘lgan fidoyiligini yanada oshiradi. Xususan, tizimda kamida 15 yil ishlagan 1 000 nafar xodimning ipoteka kreditlarini qoplash uchun 50 milliard so‘m yo‘naltirildi. Har yili 500 nafar yosh mutaxassisning ipoteka boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Olis hududlarga ishga borgan shifokorlar 50 million so‘m bir martalik yordam puli oladi va oylik ustamalar 4,5 million so‘mgacha oshiriladi. Shuningdek, xorijda tajriba orttirgan vatandosh shifokorlarimizga 50 million so‘mgacha ustama to‘lanib, ularga o‘z jamoasini erkin shakllantirish uchun barcha sharoit yaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi o‘n yilda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar, zamonaviy tibbiy infratuzilmaning yaratilishi va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi bugun o‘z samarasini bermoqda. Endigi ustuvor vazifa – tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga malakali yordamni yaqinlashtirish va shifokor mehnatini munosib qadrlashdir. Belgilab berilgan yangi vazifalarning izchil amalga oshirilishi esa inson salomatligi va qadrini asrashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijalarini yanada mustahkamlab, milliy tibbiyotimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA