Inson resurslarini boshqarish sohasidagi yangicha talab va yondashuvlar
Navoiy viloyatida ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini raqamlashtirish va bir xil tartibga solish orqali inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalarining faoliyatini samarali tashkil etish, inson resurslarini boshqarish sohasidagi yangicha talab hamda yondashuvlarga bag‘ishlangan o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda davlat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda.

Bu borada 2024 yil 9 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom tasdiqlandi. U respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalarining vazifalari hamda funksiyalarini, ularning faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, ularga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

Seminarlarda viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishga mas’ul bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etdi.
– Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 maydan boshlab, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyati hrm.argos.uz elektron platformasi orqali davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan baholab boriladi, – deydi Agentlikning Navoiy viloyat filiali rahbari o‘rinbosari Sherzod Jumayev. – Endilikda respublika hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalarining rahbarlari ushbu qaror talablari asosida davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organida attestatsiyadan o‘tadi. Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalarining rahbari lavozimiga, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, kamida 2 yil mehnat stajiga ega, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni o‘zlashtirgan, inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish hamda axborot xavfsizligi va shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lgan shaxslar tayinlanadi.
Tadbirlar doirasida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri