Inson qadri ulug‘langan yurtga bayramlar yarashadi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, huquqni muhofaza qilish organlari, vazirliklar, tashkilot, korxona, muassasa rahbarlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jӯqorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etib, yig‘ilganlarni Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 29 yillik bayrami bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, Bosh qomusimiz o‘zining tamoyillari va qoidalari bilan mamlakatimiz taqdiri, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjat hisoblanadi. Shu bois tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetish, ajdodlarimizning ezgu an’analarini bardavom saqlash, yurtimiz obodligini ta’minlash, keksa nuroniylar, xotin-qizlar bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylangan.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlikni rivojlantirish ishlarini jadallashtirish, xotin-qizlar bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgani, yordamga muhtoj insonlarning qo‘llab-quvvatlanayotgani, “Mahallabay” ishlash tizimining amaliyotga joriy etilayotgani har bir fuqaroning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun qilinayotgan ezgu ishlardir. Zero, “Eng avvalo, odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o‘z hayotida his etishlari zarur”.
Mamlakatimizning barcha hududlari singari Orolbo‘yida ham bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi va shu asosda 3 yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilganligi buning yaqqol isbotidir. Orolbo‘yining eng chekka Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Bo‘zatov va Taxtako‘pir tumanlarida ham tub o‘zgarish va yangilanishlar yuz bermoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik hamda yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosimda san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA