Inson qadri ulug‘langan hujjat
Milliy davlatchiligimizning Bosh qonuni insonni inson sifatida yashashi, erkin fikrlashi, jamiyatdagi islohotlarda bevosita ishtirokini ta’minlovchi muhim hujjatdir.
Konstitutsiyamizning qoida va tamoyillari asosida jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish bilan yashayotgani quvonarli, albatta.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksionerlik jamiyati bo‘linmalari orasida munosib o‘ringa ega Shimoliy kon boshqarmasining ko‘pmillatli jamoasi ham Konstitutsiyaning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyati sabab erkin, obod va farovon hayot – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Xalqlar do‘stligining namunasi amalda o‘z isbotini topgan korxonada zamon bilan hamnafas, hamqadam odimlayotgan mutaxassislar, ishchi-xodimlar tomonidan texnik va texnologik modernizatsiya jarayonlari olib borilmoqda.
Eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, qadr-qimmati to‘g‘risidagi tamoyil bosh Qomusimizda mustahkamlab qo‘yilganligi sabab bugun mamlakatimizda hukm surayotgan siyosatning asl maqsadi va mazmuni ham ana shunda: har bir inson umid bilan yashar ekan, ertaga, indin yoki undan keyin emas, hozir, shu bugun niyatiga yetishi, umridan, hayotidan, har bir kunidan rozi, mamnun bo‘lishi kerak. Chunonchi, baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, o‘zgartirishga qodir.
Aslida o‘zgarishlar bo‘laveradi, ammo uni o‘z hayotida ko‘rsa, shunday sharoitda yashasa inson buni his etadi, haqiqatlarga ishonadi. Shimoliy kon boshqarmasida ishlayotgan 10 ming nafardan ziyod ishchi-xodimning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashi, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, korxonaga qarashli 9 ta oilaviy va erkaklar yotoqxonasida 1500 nafardan ziyod ishchi-xodimlar istiqomat qiladi. Yotoqxonalarning 3 tasiga oilaviy yotoqxonalar maqomi berilgan bo‘lib, unda 244 ta ishchining oilasi yashaydi.
2021 yilning o‘zida yotoqxonalarni mukammal va joriy ta’mirlash uchun qariyb 7 milliard 741 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ishchi-xodimlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida xizmat ko‘rsatadigan maishiy bino to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. SHKBga qarashli “Sharqiy” koni, Avtomobil transport boshqarmasi, Temir yo‘l sexida xizmat qilayotgan bir yarim mingdan ziyod ishchi-xodimga xizmat ko‘rsatadigan bu binoga qariyb 4 milliard so‘mlik mablag‘ sarflandi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash o‘rinliki, yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot zamirida inson manfaatlari birlamchi va shu maqsadda belgilangan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda davom etaveramiz.
Ne’matulla Axadov,
Shimoliy kon boshqarmasi direktori
O‘zA