Inson qadri ulug‘lanayotgan loyiha
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib turmush darajasini ta’minlash hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadrini ulug‘lash tamoyili asosida ijtimoiy himoya tizimi tubdan takomillashtirilib, ehtiyojmand fuqarolarga zamonaviy va manzilli xizmatlar ko‘rsatishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Bu borada “Faol hayotga qadam” dasturi ijtimoiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqqan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
– Mazkur dastur doirasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun beshta asosiy ijtimoiy xizmat turi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Elbek Ikromov. – Jumladan, uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, uy sharoitida qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish hamda shaxsiy yordamchi xizmatlari aholining ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etilgan. Ushbu xizmatlar fuqarolarning kundalik hayotini yengillashtirish, salomatligini tiklash, mustaqil yashash ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularning jamiyatga to‘laqonli integratsiyalashuvini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Navbahor tumanidagi “Jahon Nor Tibbiyot” oilaviy korxonasi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz keksalarga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish orqali ularning salomatligini tiklash, mustaqil hayot kechirish imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy faolligini oshirish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Markaz faoliyati aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat bilan integratsiyasini ta’minlash hamda hayot sifatini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Bugungi kunda markazda 17 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqaroga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilib, ular malakali mutaxassislar tomonidan zarur parvarish va tibbiy ko‘mak bilan ta’minlanmoqda, – deydi markaz rahbari Mohichehra Ergasheva. – Markazimizda tegishli tartibda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xodimlarimiz xizmatlarimizdan foydalanayotgan fuqarolarning salomatliklarini tiklashi, ijtimoiy faolligini oshirishi hamda hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashida barcha imkoniyatlarini ishga solishmoqda.

Albatta, bugun “Faol hayotga qadam” dasturi o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Eng muhimi, bunday ezgu tashabbuslar nafaqat ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning turmush sifatini yaxshilashga, balki jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulug‘lash va hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik tamoyili hayotda o‘z ifodasini topayotganining yana bir yorqin namunasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri