“Inson qadri uchun” tamoyili amalda
“Navoiyuran” davlat korxonasi “Nurobod” ishlab chiqarish maydoniga qarashli plastmassa quvurlari va mahsulotlari ishlab chiqarish sexining ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Korxona tomonidan xodimlarning yashash tarzi va mehnat sharoitlarini doimiy ravishda yaxshilashga qaratilgan “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tizimli amalga oshirib kelinmoqda.

Binoning tantanali ochilish marosimida “Navoiyuran” DK va “Nurobod” ishlab chiqarish maydoni rahbariyati hamda muhandis-texnik xodimlari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Binoda “Navoiy yangi qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borildi. Ahamiyatlisi, ma’muriy va maishiy korpuslardan iborat bino to‘liq zamonaviy sendvich panellardan qurilgan bo‘lib, bu energiya tejamkorligini, qishda issiq, yozda salqin muhit barqarorligini ta’minlaydi.

Ma’muriy korpusda rahbariyat va muhandis-texnik xodimlar hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlari uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lgan 11 xona, shuningdek, 50 o‘rinli faollar zali, ishchi-xodimlar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xonalar mavjud. Isitish va issiq suv tizimida zamonaviy isitish qozonlari o‘rnatilgan.

Tadbir davomida binoning qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilar va faol ishchi-xodimlar korxona rahbariyati tomonidan rag‘batlantirilib, korxona Bosh direktori va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining “Tashakkurnoma”si va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA