Inson qadri hamma narsadan ustun
Inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashini ta’minlash Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarning fidokorona mehnati tufayli ko‘plab insonlar hayotida yangi umid, yangi imkoniyat va yangi sahifalar ochilmoqda. Buxoro viloyati Jondor tumani “Qozikent” mahallasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi sifatida e’tirofga loyiq.
Jondor tumanidagi “Qozikent” mahallasida ijtimoiy xodim Salohiddin Bahridinov tomonidan aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush sifati va jamiyatdagi faolligini oshirish borasida manzilli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda 3 375 nafar aholi istiqomat qilayotgan mahallada 80 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs hamda 3 nafar yolg‘iz keksa doimiy ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Bu esa har bir ehtiyojmand inson davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmayotganining amaliy tasdig‘idir.
“Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 5 nafar fuqaro zarur ijtimoiy xizmatlarga jalb etildi. Shuningdek, 4 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs adaptiv sport mashg‘ulotlariga yo‘naltirildi. Bu orqali ularning jismoniy sog‘ligini mustahkamlash, ruhiy barqarorligini oshirish hamda jamiyatga faol integratsiyalashuviga keng imkoniyat yaratildi.

Mahallada bandlikni ta’minlash masalasi ham doimiy e’tibor markazida. Natijada 14 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning ish bilan ta’minlanishiga erishildi. Shu bilan birga, 33 nafar ehtiyojmand fuqaroga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiyaning texnik vositalari yetkazib berildi. Bu kabi amaliy yordamlar ularning hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu ezgu ishlar orasida Davronova Dildoraning hayot yo‘li alohida e’tiborga sazovor. 1983-yilda tug‘ilgan, birinchi guruh nogironi bo‘lgan Dildora opa yillar davomida harakatlanishda katta qiyinchiliklarga duch kelgan edi. Mahalla ijtimoiy xodimi uning hayotiy ehtiyojlarini chuqur o‘rganib, individual ijtimoiy xizmat rejasini ishlab chiqdi.
Natijada unga zamonaviy elektr yuritmali nogironlik aravachasi topshirildi. Bu nafaqat uning mustaqil harakatlanishini ta’minladi, balki tashqi dunyo bilan muloqot qilish, jamoat hayotida faol ishtirok etish va o‘z imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Dildora opaning sog‘ligini mustahkamlash maqsadida sanatoriyda davolanishi tashkil etildi, psixologik qo‘llab-quvvatlash xizmati ko‘rsatildi. Bu esa ijtimoiy xizmatlar faqat moddiy yordam emas, balki insonning ruhiy barqarorligi va hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga ham qaratilganini namoyon etdi.

Oilaning ijtimoiy barqarorligini ta’minlash maqsadida uning kelini rasman qarovchi sifatida ishga rasmiylashtirildi. Endilikda u qaynopasiga mehr va sadoqat bilan g‘amxo‘rlik qilish barobarida mehnat stajiga ham ega bo‘lmoqda. Shuningdek, oilaga elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlari uchun kompensatsiya tayinlanib, homiylar tomonidan moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Lekin eng katta yutuq shundaki, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash faqat yordam berish bilan cheklanib qolmadi. Mahallada amalga oshirilgan “Mini loyiha” doirasida Dildora opaga bo‘sh yer maydoni ajratilib, tikuvchilik sexi tashkil etildi. Bugun ushbu sex uning daromad manbai bo‘lish bilan birga, boshqalar uchun ham imkoniyat eshigini ochgan hunarmandchilik maskaniga aylandi.
Ayni paytda Dildora opaning yetti nafar shogirdi bor. Ular orasida ehtiyojmand oilalar farzandlari ham mavjud bo‘lib, tikuvchilik sirlarini mutlaqo bepul o‘rganmoqda. Demak, bir insonga yaratilgan imkoniyat bugun yana yetti nafar yoshning kelajagiga nur sochmoqda. Bu esa ijtimoiy himoyaning eng yuksak natijasi — insonni boqimanda emas, balki jamiyatga naf keltiradigan shaxsga aylantirishdir.
Qozikent mahallasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar mehr-oqibat, insonparvarlik va ezgulik tamoyillari amalda o‘z ifodasini topayotganining yorqin namunasidir. Bir insonning hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarish butun bir oilaning, hatto jamiyatning kelajagiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini Dildora opaning hayot yo‘li yana bir bor isbotlab turibdi. Insonga ishonch bildirilsa, imkoniyat yaratilsa va mehr ko‘rsatilsa, u nafaqat o‘z taqdirini, balki boshqalarning ham hayotini o‘zgartira oladi. Ana shunday ezgu ishlar Yangi O‘zbekistonning eng ulug‘ boyligi — inson qadri hamma narsadan ustun ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri