Inson kamoli – axloqan yuksalishda
Eʼtiborlisi, virus bilan kasallanganlar maxsus shifoxonalarda bepul davolanmoqda.
Mulohaza
Davlatimiz tomonidan nafaqat infeksiyaga chalingan bemorlar, balki karantinga olingan shaxslar, qiyinchilikka duch kelgan oilalarga ham amaliy yordam berish boʻyicha tizimli choralar amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborlisi, virus bilan kasallanganlar maxsus shifoxonalarda bepul davolanmoqda. Holbuki, boshqa davlatlarda bu jarayon pullik asosda amalga oshirilayotgani hech kimga sir emas.
Tibbiyot xodimlari oʻz jonini garovga qoʻyib, tunu-kun bemorlar qoshida. Huquq posbonlari osoyishtalikni taʼminlash niyatida doim postida. Karantin vaqtida saxovotpesha kishilar oʻzidan ortib boshqalar koriga yarash, qoʻlidan kelganicha begʻaraz yordam koʻrsatish payida.
Ommaviy axborot vositalari orqali doimiy ravishda bu holatlar, hamda virus yuqtirish oqibatlari, jahonda ming-minglab odamlar vafot etayotgani, kasallikni yuqtirmaslik choralari, karantin qoidalari, undan koʻzlangan maqsad yoritib borilmoqda.
Afsuski, shunga qaramasdan, bila turib, ongli ravishda karantin joylaridan qochish va karantin qoidalarini buzish holatlari koʻplab kuzatilayotgani ajablanarli.
Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: Nega odamlar foydasini, sogʻligʻini koʻzlab joriy etilgan vaqtinchalik qoidalar buzilmoqda? Nega el boshiga sinov kelgan bunday paytda kimlardir oʻzi va boshqalarning xavfsizligiga shunchalik beeʼtibor?
Aslida ushbu odamlar, shuningdek, bugun turli jinoyatga qoʻl urayotganlar bu ofatdan oʻzlariga xulosa qilishlari lozim emasmidi? Buning sababi nimada, aqlsizlikmi?
Yoʻq, bu aqlsizlikdan emas, balki adabsizlikdan boʻlib, ham tarbiya va maʼnaviyat bilan bogʻliqdir. Alloma Abdulla Avloniy “Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qiluvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, oʻgʻrilar, giyohvandlar va nashavandlar... kecha tarbiyalariga eʼtibor berilmagan bolalardir”, deb bejiz qayd etmagan.
Barcha illatlarning sababchisi tarbiyamizga, nima savob, nima gunoh ekanligini, haromdan xalolning farqini anglashimizga bogʻliq.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “tinimsiz oʻqib-oʻrganish” toʻgʻrisida, “chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak”ligi, “yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi qilib tarbiyalash” masalalari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdilar. 2020-yilni Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼtirof etganligi ham bejiz emas.
Murojaatnoma bilan tanishgan odam davlatimiz rahbarining xalqimizning baxtli yashashi uchun ertangi kunimiz boʻlgan – yoshlarga, ularni barkamol avlod qilib tarbiyalash masalasiga qanchalik qaygʻurayotganligini koʻradi. Darhaqiqat, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi qilib tarbiyalash eng asosiy ustuvor vazifalardan biridir.
Karantin davrida yoʻl qoʻyilgan tartibbuzarlik, ahloqsizlik va jinoyatlarning asosiy qismi yoshlar tomonidan sodir etilganini hisobga olsak, bu yana bir bor hali oldimizda yoshlar tarbiyasi, xususan, ularni komil inson qilib tarbiyalash masalasida qator vazifalar mavjudligini koʻrsatdi, desak xato boʻlmas.
Jazolangan huquqbuzar yoki jinoyatchining hammasi ham notoʻgʻri harakatini tushunib yetyapdi, deya olmaganimizdek, ularni jazolash bilan masala toʻliq hal boʻladi, ham deya olmaymiz.
Bobokolonimiz Abdurauf Fitrat “...Odamning kamoli faqat sogʻliq va kuchdan iborat boʻlmay, balki jismonan, aqlan va ahloqan yuksalishdan iborat ”, deganlar.
Darhaqiqat kelgusida jamiyatimiz turli illatlardan xoli boʻlishi uchun yoshlarimizni ham jismonan, ham aqlan komil inson qilib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.
Bunda, Yoshlar ittifoqi hamda mahalla oqsoqollari, faollari, yaʼni ikki avlod vakillarining (har bir mahallada) oʻzaro yaqin munosabatini, katta avlod vakillarining yoshlarga oʻrnak ham nazoratchi boʻlishini (jamoatchilik nazorati, yaʼni mahalla yoshlarining salbiy ham ijobiy harakatlarini muhokama qilib borish orqali jamoat taʼsir choralarini koʻrish nazarda tutilmoqda), yoshlarimizning esa katta avlod vakillariga izzat-hurmat bilan oʻzlarining yaqin maslahatchisi, deb qarashlarini shakllantirishimiz zarur. Bu, oʻz navbatida, azaliy qadriyatlarimizni avloddan-avlodga oʻtkazishda katta samara berishi shubhasiz.
Xolmoʻmin YODGOROV,
Oliy sud raisining oʻrinbosari