Inson huquqlari va manfaatlari – adliya e’tiborida
Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida inson huquqlari himoyasi, raqamli xizmatlar va qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar xususida so‘z yuritildi.
Boshqarma rahbari Dilmurod Ahmedov viloyat adliya idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, fuqarolar uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda sohadagi muhim o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, shu yilning o‘tgan davri davomida inson huquqlarini himoya qilish maqsadida boshqarma hamda shahar, tuman bo‘limlari tomonidan jami 2 ming 435 murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 1 ming 346 tasi qanoatlantirildi, 760 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. Shuningdek, 212 ta murojaat vakolatli tashkilotlarga yuborildi.

Murojaatlarning asosiy qismini mehnat munosabatlariga oid masalalar tashkil etgan. Shuningdek, ijtimoiy himoya, ta’lim, uy-joy va kadastr nizolari hamda soliqlarni hisoblash bilan bog‘liq murojaatlar ham salmoqli ulushni egallagan.
Fuqarolar huquqlarini ta’minlash maqsadida 160 o‘rganish va 200 dan ortiq monitoring tadbirlari o‘tkazilgan. Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 256 da’vo arizasi va 375 taqdimnoma kiritildi. Buning natijasida 300 dan ortiq fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi. Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 37 shaxs intizomiy, 200 dan ortiq mutasaddilar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sudlarga kiritilgan da’vo arizalari orqali 8 milliard so‘mdan ziyod mablag‘larning undirilishi ta’minlandi.


Tadbirda, davlat xizmatlari markazlarida yaratilayotgan qulayliklarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, markazlarda tashkil etilgan “O‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish” burchaklari orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari ko‘plab davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘layotgani qayd etildi.
Shuningdek, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan bir qator xizmatlarni masofadan turib olish imkoniyatlari kengayib borayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda tug‘ilganlik, nikoh, nikohdan ajralish va o‘lim qayd etilganligi haqidagi ma’lumotlarni olish, takroriy guvohnomalarga buyurtma berish, arxiv ma’lumotnomalarini rasmiylashtirish hamda ayrim murojaatlarni elektron shaklda yuborish mumkin.
Yoshlar uchun qulaylik yaratish maqsadida nikohni qayd etish uchun ariza topshirish jarayoni ham elektron shaklga o‘tkazilgan bo‘lib, bu fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashining oldini olmoqda.
Adliya organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholini huquqiy jihatdan xabardor qilish hamda ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ochiq muloqot ruhidagi anjumanda jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA