Inson huquqlari bolalar nigohida
Poytaxtimizdagi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Tong yulduzi” va “Klass!” respublika bolalar nashrlari tahririyatlari hamkorligida o‘tkazilgan “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tanlovga 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida start berilgan edi.
O‘tgan vaqt ichida yosh ijodkorlarlar tomonidan har ikki gazeta tahririyatlariga 200 dan ortiq material va ijodiy ish kelib tushdi. Mazkur ijodiy ishlar tahlili yosh ijodkorlarning inson huquqlari sohasiga qiziqishini yaqqol namoyon etish bilan birga, har bir navqiron ishtirokchining tanlovga taqdim etgan ijod namunasi o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan ajralib turishini ko‘rsatdi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturida mazkur tanlovni mamlakat miqyosida o‘tkazish vazifasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) zimmasiga yuklatilganini qayd etdi.
[gallery-14863]
E’tirof etilganidek, tanlovga kelib tushgan aksariyat ijodiy asarlarda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Bosh qomusimiz normalarining bolalar hayotida tutgan o‘rni hamda ahamiyati ochib berilgan. Ayniqsa, tanlov g‘oliblarining ijodiy ishlari qiziqarli uslublarda va nafis iqtidor bilan yaratilgani diqqatga sazovor.
Tanlovda “Eng yaxshi maqola va insho”, “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi rasm”, “Eng yaxshi video rolik” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Tanlov g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Kamola Yusupova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA