Innovatsiyalar yo‘lidagi xalqaro hamkorlik (+video)
Toshkent davlat agrar universitetida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ta’lim, ilm-fan hamda innovatsion tadbirkorlik sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro tadbir – Xitoy – Markaziy Osiyo talabalar innovatsiyalari va tadbirkorligi tanlovining mintaqaviy finali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tanlovning aynan Toshkentda tashkil etilgani bejiz emas. Keyingi yillarda O‘zbekistonda ilm-fan, innovatsiyalar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa mamlakatning mintaqadagi ta’lim va innovatsiyalar markazlaridan biri sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ta’lim, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan va texnologiyalar sohasida izchil rivojlanmoqda. Ayniqsa, agrar sohadagi hamkorlik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qurg‘oqchil hududlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tanlovga Markaziy Osiyo mamlakatlarining oliy ta’lim muassasalaridan yuzlab innovatsion jamoalar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Bir necha bosqichli saralash jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan eng yaxshi ishlanmalar Toshkentdagi finalda ekspertlar hay’atiga taqdim etildi. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini himoya qilib, ekspertlarning savollariga javob berdi.
Tanlov doirasida tashkil etilgan muloqotlar, davra suhbatlari va taqdimotlar yosh tadqiqotchilar hamda bo‘lajak tadbirkorlar uchun o‘zaro tajriba almashish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.
Tadbirda ishtirok etgan Xitoyning Shimoli-G‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti o‘quv ishlari boshqarmasi rahbari Day U ning ta’kidlashicha, tanlovni Toshkentda o‘tkazish qarori tasodifiy emas.
– Xitoy va O‘zbekistonni ko‘p asrlik do‘stona munosabatlar, ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak e’tibor va o‘zaro ishonch bog‘lab turadi. Shu bois tanlov uchun aynan O‘zbekiston tanlandi. Markaziy Osiyoda o‘z o‘rniga ega mamlakat sifatida O‘zbekiston yoshlar innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim sherikdir. Biz tanlovning sovrindorlarini Xitoyga taklif etib, ularning ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirish, yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar va innovatsion muhit faoliyati bilan yaqindan tanishtirishni rejalashtirganmiz, – dedi Day U.
Tadbir ishtirokchilari sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, zamonaviy agrotexnologiyalar, suv resurslaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi, “yashil” iqtisodiyot va ekologik barqarorlik yo‘nalishlarida ishlab chiqilgan innovatsion loyihalarni taqdim etdi. Mutaxassislar fikricha, bunday tashabbuslar ilmiy g‘oyalarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va raqobatbardosh startaplarni shakllantirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
– Tanlovda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 700 dan ortiq talabalar jamoalari o‘z innovatsion loyihalari bilan ishtirok etdi, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomurodov. – Qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va boshqa qator yo‘nalishlardagi istiqbolli ishlanmalar taqdim etildi. Loyihalar hakamlar hay’ati tomonidan har tomonlama baholandi. Bu tashabbus nafaqat mintaqamiz, balki jahon qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va zamonaviy yechimlarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi. Yoshlar ilmiy va innovatsion g‘oyalari bilan faol ishtirok etayotganining guvohi bo‘ldik. Ishonchim komilki, tanlovda taqdim etilgan ko‘plab loyihalar kelgusida mamlakatimiz va butun dunyo agrar sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Bugun Markaziy Osiyoda startap ekotizimi jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonda ham yil davomida turli tanlovlar, grant dasturlari, innovatsiya markazlari va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning asosiy maqsadi iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish va innovatsiyalarni hayotga keng tatbiq etishdan iborat.
Tanlov yakunida eng yaxshi deb topilgan jamoalar munosib taqdirlandi. Mukofot sohiblari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Xitoy xalqaro talabalar innovatsiyalari tanlovining jahon finalida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ular uchun Xitoyning yetakchi universitetlari, ilmiy markazlari va innovatsion korxonalarida amaliy tajriba almashish dasturi ham tashkil etiladi.
Mazkur tanlov Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yoshlar innovatsion hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqotlar va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqada barqaror iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim xalqaro platformaga aylanib bormoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/w6ZvT4cupcw" title="Innovatsiyalar yo‘lidagi xalqaro hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nilufar Bozorova, O‘zA