Innovatsiya va yangi yondashuvlar uyg‘unligi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Orolbo‘yi mintaqasida veterinariya hamda chorvachilikda zamonaviy innovatsion yechimlar: imkoniyatlar, muammolar va istiqbollar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Orolbo‘yi hududining murakkab ekologik sharoitida chorvachilik va veterinariya sohalarini ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish hamda mavjud tizimli muammolarni chuqur tahlil qilishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy muloqot maydoniga aylandi.
Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, soha olimlari, yosh tadqiqotchilar va doktorantlar bevosita, ya’ni offlayn tarzda ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rahbariyati hamda respublikadagi qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari esa onlayn tarzda ulanib, ilmiy muhokamalarda faol ishtirok etdi.
Anjuman sohada to‘plangan ilmiy salohiyatni amaliy yechimlarga yo‘naltirish, mavjud muammolarga nisbatan yangi ilmiy qarash va takliflarni shakllantirish uchun muhim zamin yaratdi.
Konferensiya davomida “Veterinariya meditsinasi va farmakologiyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A.Seypullayevning “Orolbo‘yi hududi sharoitida qoramollarda vitamin va mineral almashinuvining buzilish xususiyatlari” mavzusidagi ma’ruzasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Unda mintaqaning ekologik degradatsiyasi, tuproq va yem-xashak tarkibidagi mikroelementlar yetishmovchiligi, shuningdek, iqlim o‘zgarishlari hayvonlar metabolizmi va mahsuldorligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi ilmiy dalillar asosida tahlil qilindi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, vitamin-mineral balansining buzilishi qoramollarda immunitet pasayishi, reproduktiv funksiyalarning izdan chiqishi hamda umumiy mahsuldorlikning kamayishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida chorvachilik tarmog‘ining iqtisodiy samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ilmiy asoslangan ratsion tuzish, biokimyoviy monitoringni yo‘lga qo‘yish va innovatsion veterinariya texnologiyalarini qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Orolbo‘yi hududida chorvachilikni rivojlantirish endilikda faqat an’anaviy yondashuvlar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Aksincha, raqamli texnologiyalar, biotexnologik yechimlar va ilmiy tadqiqotlar natijalariga asoslangan kompleks yondashuv talab etiladi. Ayniqsa, hududning ekologik noqisligi hisobga olingan holda barqaror rivojlanish tamoyillariga amal qilish dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman, shubhasiz, Orolbo‘yi hududida chorvachilik va veterinariya sohalarining kelgusi taraqqiyot yo‘lini belgilab beruvchi muhim ilmiy muloqot vazifasini o‘tadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA