Innovatsion tibbiyot va xalqaro hamkorlik
So‘nggi yillarda mamlakatimizda onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularni davolashda dunyo tibbiyotining eng ilg‘or yutuqlarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, xorijning yetakchi tibbiyot markazlari va innovatsion kompaniyalari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mahalliy olimlarimizning salohiyatini oshirish bilan bir qatorda, bemorlarning tezroq sog‘ayib, sog‘lom hayotga qaytishiga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga (RIO va RIATM) AQSHning mashhur «AVERTO Medical» kompaniyasi mutaxassislarining tashrifi yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi uchun muhim voqelik bo‘ldi.
Ushbu tashrif ikki tomon o‘rtasida izchil davom etayotgan CLN0002-sonli xalqaro klinik tadqiqotning navbatdagi muhim bosqichi sifatida tashkil etildi. Tadqiqot doirasida Markazda amerikalik ekspertlar bilan birgalikda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi va erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilindi.
Mazkur xalqaro loyiha tibbiyot dunyosida katta umid uyg‘otayotgan «ColoSeal™ ICD» tibbiy qurilmasining xavfsizligi va klinik amaliyotdagi samaradorligini baholashga qaratilgan bo‘lib, ayni paytda Markazning koloproktologiya jarrohligi bo‘limida muvaffaqiyatli olib borilmoqda. Loyihaning bosh maqsadi — insoniyat uchun jiddiy muammolardan biri bo‘lgan to‘g‘ri ichak o‘smalarini jarrohlik yo‘li bilan davolashda eng zamonaviy, kam shikast yetkazadigan va samarali texnologiyalarni tibbiyotimizga tatbiq etishdan iborat.
«ColoSeal™ ICD» qurilmasining tibbiy ahamiyati shundaki, u bemor hayotini tubdan yengillashtirish xususiyatiga ega. An’anaviy tibbiyotda ayrim murakkab vaziyatlarda bemorlarda ikki bosqichli jarrohlik amaliyotini o‘tkazish va ularga vaqtinchalik (profilaktik) stoma qo‘yish talab etilardi. Mazkur innovatsion qurilma esa operatsiyani bir bosqichning o‘zidayoq yakunlash imkonini beradi va bemorlarda stoma qo‘yish ehtiyojini sezilarli darajada kamaytiradi. Bu, o‘z navbatida, operatsiyadan keyingi tiklanish davrini qisqartiradi va bemorning ruhiy hamda jismoniy azoblanishining oldini oladi.
Tashrif davomida AQSHlik shifokorlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokida bevosita amaliy operatsiyalar o‘tkazilib, navbatdagi bemorlarga «ColoSeal™ ICD» qurilmasini o‘rnatish jarayoni muvaffaqiyatli bajarildi. Jarrohlik stoli atrofida kechgan jonli muloqotlar va mahorat darslari ikki davlat olimlari uchun o‘zaro tajriba almashish maydoniga aylandi.
Raqamlar va faktlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunga qadar RIO va RIATM koloproktologiya jarrohligi bo‘limida jami 41 nafar bemorga ushbu noyob tibbiy qurilma o‘rnatildi. Ayni paytda har bir bemorning holati va olingan natijalar xalqaro tadqiqot protokoli talablari doirasida qat’iy nazorat qilinib, tahlil etib borilmoqda.
Mazkur yirik loyihaning xalqaro miqyosdagi rahbari — «AVERTO Medical» kompaniyasi vakili Kenton Fong hisoblanadi. O‘zbekiston tomonidan esa ushbu mas’uliyatli tadqiqot RIO va RIATM bosh tadqiqotchisi Xurshid Islomov rahbarligida yuqori professional darajada amalga oshirilmoqda.
AQSH bilan hamkorlikdagi ushbu xalqaro loyiha kolorektal saratonni davolashda jahon andozalari darajasidagi ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimizga olib kirishda navbatdagi muhim qadamdir. Bu kabi izlanishlar yurtimiz onkologlarining amaliy tajribasini boyitish bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari uchun eng zamonaviy va yuqori texnologiyali tibbiy yordam sifatini yangi bosqichga ko‘taradi. Zero, ilm-fan, innovatsiya va xalqaro hamkorlikning bir nuqtada birlashishi — inson qadri va bemorlar salomatligini asrashdek oliy maqsadga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA