Innovatsion tashabbuslar insonlar hayotini o‘zgartiradi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekistonda ilk bor “UNDP Talks” tadbirini tashkil etdi. Unda hukumat vakillari, xalqaro hamkorlar, xususiy sektor hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Sabine Mahl, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii va boshqalar tomonlar o‘rtasidagi manfaatli hamkorlik o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, so‘nggi besh yilda xalqaro moliya institutlari va BMT tashkilotlari ko‘magida maqsadli mahalla tizimi orqali kambag‘allikni samarali qisqartirishga erishilgan.
Tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi ham kambag‘allikni qisqartirish va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan innovatsion tashabbuslar orqali hayotini o‘zgartirgan insonlarning muvaffaqiyatli yutuqlarini namoyon etishga qaratildi. Shu sababli, unda BMTTD loyihalari doirasida barqaror biznes yaratgan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali yutuqlarga erishgan insonlar haqida so‘z bordi.

BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim taraqqiyotning markazida inson turganini alohida qayd etdi.
– “UNDP Talks” – kambag‘allikni qisqartirish, farovonlikni oshirish va inklyuziv taraqqiyot bo‘yicha eng yaxshi tajribalar hamda tayyor yechimlarni almashish maqsadida tashkil etilgan tadbirlar turkumining birinchisi hisoblanadi. Biz bu yerga o‘z ishlarimiz haqida gapirish uchun emas, balki yaxshi natijalarga erishgan insonlar yutuqlari o‘rtoqlashish maqsadida yig‘ildik. BMTTD shunchaki loyihalarni amalga oshirmaydi, jamoalar bilan yelkama-yelka ishlaydi, uzoq muddatli yechimlar yaratadi. Biz 60 yillik faoliyatimizni nishonlar ekanmiz, har doim amaliy ish qilish, yaxshiroq natijalarga erishish va hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikni asosiy maqsad qilganmiz, – dedi u.

Ta’kidlash kerakki, ushbu tadbir hukumat, donorlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirib, o‘z samaradorligini isbotlagan tashabbuslar asosida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA