Innovatsion mini-traktor qishloq xo‘jaligida yangi yechim bo‘lishi mumkin
Ilm-fan va innovatsiya — mamlakat taraqqiyotining muhim tayanchiga aylanmoqda. Bugun yosh olim va tadqiqotchilarning g‘oyalari davlat miqyosida qo‘llab-quvvatlanayotgani esa yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Toshkent davlat transport universiteti magistri, Yoshlar akademiyasi a’zosi Oyshaxon Qodirova poytaxtimizda o‘tkazilgan “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumi doirasida o‘zining innovatsion loyihasini davlat rahbariga bevosita taqdim etdi.
“Bionik ko‘chat ekish” nomli ushbu loyiha qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish va inson omiliga bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtirishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida ishlab chiqilgan mini-traktor avtomatik rejimda yer tekislash, chuqur qazish, o‘g‘it solish, sug‘orish hamda ko‘chat ekish kabi bir nechta jarayonlarni bir vaqtning o‘zida bajaradi.
Qurilma xorijiy analoglarga nisbatan bir necha barobar arzon bo‘lib, ko‘chatlarning nobud bo‘lish xavfini kamaytiradi, ish samaradorligini 4–5 barobarga oshiradi, vaqt va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejaydi.
Taqdimotdan so‘ng loyihani amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Umumiy qiymati 300 million so‘m bo‘lgan mazkur tashabbus tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda sinovdan o‘tkazilib, kelgusida tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Yoshlarning innovatsion g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanayotgani mamlakatimizda ilm-fan va texnologiyalar sohasida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA