Inklyuziv ta’lim: pedagoglar malaka oshirmoqda
Mamlakatimizda inklyuziv ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun sifatli ta’lim muhitini yaratish hamda maxsus pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining 2025-yil 29-sentabrdagi qo‘shma qarori asosida Buxoro viloyatida maxsus pedagoglar uchun amaliy stajirovkalar tashkil etildi.
Mazkur stajirovkalar inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan umumta’lim maktablari hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Stajirovka mashg‘ulotlari Buxoro viloyatidagi ixtisoslashtirilgan maxsus maktab va maktab-internatlarida o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etayotgan maxsus pedagoglar tajribali mutaxassislar faoliyatini kuzatib, zamonaviy ta’lim usullari bilan yaqindan tanishmoqda.

Dars jarayonlarida individual yondashuv asosida ta’lim berish, o‘quvchilarning psixologik holatini inobatga olgan holda mashg‘ulotlarni tashkil etish, korreksion-pedagogik faoliyatni samarali yo‘lga qo‘yish, nutqni rivojlantirishga qaratilgan usullar, moslashtirilgan o‘quv materiallaridan foydalanish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, maxsus pedagoglar uchun ochiq darslar, metodik mashg‘ulotlar va tajriba almashish uchrashuvlari tashkil etilib, inklyuziv ta’lim jarayonida uchrayotgan muammolar va ularning amaliy yechimlari muhokama qilinmoqda.
Kogon shahar 9-umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Iqbol Rajabovaning ta’kidlashicha, bunday amaliy seminarlar pedagoglarning kasbiy o‘sishida muhim ahamiyat kasb etmoqda:
—Bunday stajirovkalar biz uchun juda katta tajriba maktabi bo‘lmoqda. Taҗribali mutaxassislarning dars jarayonlarini kuzatish orqali alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar bilan ishlashning yangi metod va yondashuvlarini o‘rganayapmiz. Ayniqsa, amaliy tajriba almashish imkoniyati yaratilayotgani kasbiy faoliyatimizda juda muhim o‘rin tutadi. Bu kabi mashg‘ulotlar pedagoglarning o‘z ustida ishlashi, zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni egallashiga katta turtki beradi, — deydi Iqbol Rajabova.
Stajirovka doirasida 27-maksus maktab-internati ona tili o‘qituvchisi, metod birlashma rahbari Gulnoz Sharipova tomonidan maxsus pedagoglar uchun namunaviy dars mashg‘uloti ham tashkil etildi.

Dars jarayonida o‘quvchilar bilan interaktiv metodlar asosida ishlash, ularning qiziqishini oshirish va individual qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy usullar namoyish qilindi.
—Bugungi kunda maxsus pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borish juda muhim. Stajirovka jarayonlarida o‘zaro tajriba almashish, darslarni tahlil qilish va zamonaviy metodlarni qo‘llash orqali ta’lim sifati yanada yaxshilanadi. Eng muhimi, bu kabi amaliy mashg‘ulotlar pedagoglarning bolalar bilan ishlashdagi yondashuvlarini boyitib, ularning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi, -—deydi Gulnoz Sharipova.

Buxoro viloyatida tashkil etilayotgan mazkur amaliy stajirovkalar nafaqat maxsus pedagoglarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, balki ularning real ta’lim muhitida amaliy tajriba orttirishiga ham keng imkoniyat yaratmoqda.

Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar orqali inklyuziv ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning kasbiy salohiyati yuksalib, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun yanada qulay va samarali ta’lim muhiti shakllanmoqda. Bu esa har bir bolaning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, bilim olishi va imkoniyatlari ro‘yobga chiqarishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri