Inklyuziv ta’lim takomili yo‘lida
Termizda O‘zbekiston Respublikasi hamda Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Termizda O‘zbekiston Respublikasi hamda Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, alohida ehtiyojli bolalarning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlodni yuksak salohiyatli insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi yosh avlodni manzilli ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlarning navbatdagi bosqichidir. Loyihadan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad alohida ehtiyojli bolalarga teng va inklyuziv yondashuvni ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish, pedagog va boshqa mutaxassislar uchun inklyuziv ta’lim usullarini takomillashtirishdan iborat.
Termiz shahridagi 3-umumta’lim maktabida 2 ming 300 dan ziyod o‘g‘il-qiz zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 30 nafardan ziyodi ehtiyojli bolalardir. Loyiha doirasida mazkur ta’lim muassasasi resurs markazi sifatida tanlanib, alohida ehtiyojli bolalarning tengdoshlari bilan birga o‘qishi uchun barcha sharoit yaratildi. Zamonaviy texnik vositalar, elektron darsliklar bilan jihozlandi.
– Maktabimiz resurs markazi sifatida tanlanib, alohida ehtiyojli bolalarning tengdoshlari bilan birga o‘qishi uchun barcha sharoit yaratildi, – deydi 3-umumta’lim maktabi direktori Gulnora Xolmamatova. – Yangi o‘quv yilidan ular o‘z tengdoshlari bilan bir sinfda o‘qishni boshladi.