Imom Buxoriy merosi – bashariyatning ma’naviy boyligi
Samarqandda “Imom Buxoriy merosining o‘ziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda boshqa vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Afg‘oniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri, Tojikiston Islom markazi raisi boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘zbekistondan ellikka yaqin taniqli ulamolar, yetuk olimlar, nufuzli universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro anjuman qatnashchilari Samarqand yoshlar markazi foyesida keyingi yillarda yurtimizdagi nashr etilgan diniy-ma’rifiy adabiyotlar, xususan, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning asarlari bilan tanishdi. Mehmonlarga bu kitoblarning chop etilishi, ayni paytda yurtimizdagi islom ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlarida buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida ma’lumot berildi.
Xalqaro anjuman Qur’on tilovati bilan boshlandi. Dastlab mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus film namoyish etildi. Shundan so‘ng Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.Axmedov anjuman qatnashchilarini qutlab, mazkur tadbirning tashkil etilishi va o‘tkazilishi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston – dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ajdodlarimiz merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2017 yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan g‘oya asosida 2018 yil 12 dekabrda Bosh Assambleyaning yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi – dedi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.Axmedov.
– Unda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ta’lim, tinchlik, inson huquqlari masalalariga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor. Aynan ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni bugun jahon jamoatchiligi ko‘rib turibdi. Bu haqda gapirganda mamlakatimizda bugungi kunda 16 konfessiyaga mansub 2 ming 300 taga yaqin diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatayotgani, keyingi to‘rt yilda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi singari muassasalar tashkil etilganini ta’kidlash lozim. Prezidentning afv etish to‘g‘risidagi 10 ta farmoni qabul qilinib, to‘rt mingdan ortiq fuqaro jazodan ozod qilindi. To‘rt marta “Mehr” operatsiyasi o‘tkazilib, Yaqin sharq mintaqasi va boshqa urush o‘choqlaridan 342 nafar yurtdoshlarimiz, xususan ayollar va bolalar O‘zbekistonga qaytarildi.
Afg‘oniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy, Tojikiston Islom markazi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov O‘zbekiston, Tojikiston hamda Afg‘onistonda azaldan o‘rganib kelinayotgan Imom Buxoriy ilmiy merosining mazmun-mohiyatini batafsil ochib berish, ushbu merosning o‘ziga xos xususiyatlarini bayon etish, afzalliklari va tarbiyaviy ahamiyatini keng yoritish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish hamda buzg‘unchi qarashlardan saqlash, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ijobiy yangilanishlar va o‘zgarishlarni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan anjuman tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining muqaddas Islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan alloma, – deydi Afg‘oniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy.
– Bu ulug‘ zotning asarlari bizni qiyomatga qadar to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Zotan bu ta’limot hamisha insonlarni kufrga emas, hidoyatga chorlaydi. Bugun dunyoning turli mintaqalarida turli mutaasib kuchlar Islom dinini niqob qilib, o‘zlarining yot g‘oya va qarashlarini singdirishga urinayotgan, birodarkushlik qilayotgan paytda Imom Buxoriy hazratlarining g‘oya va qarashlari, boy ma’naviy merosi butun insoniyatga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, ma’rifat va bag‘rikenglik, ezgulikni targ‘ib etishda yo‘lchi yulduz bo‘ladi. Shuning uchun ham bugungi anjumanning qadr-qimmati juda beqiyos. Buyuk muhaddis ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqiqatdan ham e’tirofga munosib.
[gallery-1562]
– Imom Buxoriy hazratlarining merosi bu nafaqat mintaqamiz xalqlarining, balki butun insoniyatning ma’naviy boyligidir, – deydi Tojikiston Islom markazi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda.
– Chunki alloma asarlari faqat ezgulikni, kishilar o‘rtasida mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikni targ‘ib etishga xizmat qiladi. Shu jihatdan bugun dunyo miqyosida buyuk muhaddis to‘plagan hadislarni o‘rganishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘onistonda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, o‘zaro tajriba almashish va kelgusida bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarimizni belgilab olishda mazkur konferensiya muhim omil bo‘ldi. Anjuman davomida mintaqamiz davlatlari rahbarlari, xususan O‘zbekiston va Tojikiston respublikalari Prezidentlarining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlik qilish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish haqidagi g‘oyalari, tashabbuslari qayta-qayta e’tirof etildi. Va bu ishlarning, pok niyatlarning amalga oshishiga Alloh ham keng yo‘l ochayotganini alohida qayd etishimiz lozim.
– Bugun dunyo musulmon olami murakkab jarayonni boshidan kechirmoqda, – deydi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov.
– Mutaasiblik va mazhablarni rad etish holatlari kuzatilmoqda. Bunday holatlarga qarshi Markaziy Osiyo diniy idoralari ham birgalikda kurashishimiz, bunda avvalo Imom Buxoriy singari buyuk muhaddislar, dinimiz rivojiga beqyos hissa qo‘shgan allomalar, ulamolar ma’naviy merosiga tayanishimiz lozim.
Anjuman ishida Imom Buxoriy merosining o‘ziga xos xususiyatlari, afzalliklari va mo‘’tadilligi, ushbu merosning millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlashdagi roli hamda mazhabsizlik va adashgan toifalarga qarshi kurashdagi ahamiyati, hozirgi kunda, xususan, Markaziy Osiyo xalqlarining deyarli barchasi uzoq yillardan beri ushbu hadislarga amal qilib kelishi kabi afzal jihatlar keng muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida din va e’tiqod erkinligi, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik, diniy va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, ularning tinchlik va barqarorlikka tahdidi hamda ularga qarshi kurashish asoslari ham soha vakillarining diqqat markazida bo‘ldi.
Anjuman so‘nggida xalqaro konferensiyaning yakuniy bayonoti muhokama etildi hamda ishtirokchilar tomonidan qabul qilindi.
Bayonotda Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi xususan, hadisshunoslik ilmini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlarini inobatga olib, allomaning boy ilmiy merosini hamkorlikda o‘rganish va tadqiq etish, alloma asarlarining izohli nashrlarini amalga oshirish, uning hayoti, faoliyati va ma’naviy merosi tarbiyaviy ahamiyatiga bag‘ishlangan risolalar yaratish, bugungi kun uchun muhim bo‘lgan masalalar, jumladan, din va e’tiqod erkinligi, diniy va milliy qadriyatlar, islom dinining tinchlikparvar va insonparvar mohiyatini keng tushuntirish, xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish hamda buzg‘unchi qarashlardan saqlashga qaratilgan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Anjuman doirasida xalqaro konferensiya ishtirokchilarining Samarqanddagi muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalarga sayohati uyushtirildi. Mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishishdi. Bu kabi anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA