Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ishga tayyorgarlik treningi o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Yoshlar markazida “Raqamli inklyuziya O‘zbekiston” loyihasi doirasida harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun “Job Readiness” (Ishga tayyorgarlik) mavzusida seminar tashkil etildi.
IT Park, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha ishtirokchilarning zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashuvini ta’minlash, ularning bandlik imkoniyatlarini kengaytirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
[gallery-29415]
Ikki kun davomida ishtirokchilar zamonaviy ish muhitida zarur qator yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar oshirdi. Jarayonda samarali muloqot, jamoada ishlash, muammolarni hal qilish, shaxsiy mas’uliyat va intizom kabi muhim ko‘nikmalarga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar ishga joylashish jarayonining muhim bosqichlari bilan yaqindan tanishtirildi. Ular ish beruvchi bilan intervyudan muvaffaqiyatli o‘tish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Shuningdek, ushbu intervyular orqali real ish suhbatiga yaqin sharoitda o‘zini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Treninglar doirasida onlayn daromad topish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga ushbu yo‘nalishlardagi platformalar orqali xizmat ko‘rsatish, mijoz topish va o‘z xizmatlarini taklif qilish bo‘yicha tushunchalar berildi. Mazkur tashabbus nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, ularning mustaqil daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish hamda jamiyatda faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.
“Raqamli inklyuziya O‘zbekiston” loyihasi doirasida bunday treninglar respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Umid OBIDJONOV (surat), O‘zA