Imkoniyati cheklangan Dostonga kompyuter jamlanmasi olib berildi
Mirzaobodlik Doston Hakimov va uning turmush o‘rtog‘i Mahliyoxon ko‘z kasalliklari bo‘yicha 1-guruh nogironi.
Ular turmush qurganiga ko‘p bo‘lmadi. O‘g‘illari Muhammadali esa hali bir yoshga to‘lmadi. Ular "Temir daftar" ro‘yxatida turadi.
O‘tgan yili nogironligi bo‘lgan shaxslarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ajratilgan imtiyozli kvota Doston va Mahliyoxon Hakimovlar oilasi uchun ham qo‘l keldi. Doston Hakimov O‘zbekiston Milliy Universitetiga qabul qilindi.
Ammo moddiy qiyinchilik uni o‘ylantirib qo‘ydi. Shundan keyin u dars mashg‘ulotlarini bajarish, qo‘shimcha daromad topish maqsadida o‘z yashash hududidagi mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qildi. Uning murojaati Xalq deputatlari tuman Kengashiga yo‘naltirildi.
Dostonga "Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyati Mirzaobod tuman bo‘linmasi huzurida tashkil etilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan kompyuter jamlanmasi olib berildi.
Doston va Mahliyoxon Hakimova singari imkoniyati cheklangan fuqarolar ko‘p. Ular davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan xursand bo‘lib, yurtga nafim tegsin, deya o‘qish va izlanishda davom etyapti.
Shuhrat Suyarov, O‘zA