Jizzax viloyatida yaratilgan yangi ish o‘rinlarining 81,3 foizi kichik biznes subyektlari ulushiga to‘g‘ri keldi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida milliy iqtisodiyotimiz jadal rivojlanmoqda. Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yetakchi kuchga aylanayotgani xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etayotir.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida milliy iqtisodiyotimiz jadal rivojlanmoqda. Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yetakchi kuchga aylanayotgani xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etayotir.Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Jizzax viloyatida 9 mingdan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.Joriy yilda viloyat iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushini yanada kengaytirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 323,5 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.
– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qaratilayotgan alohida e’tibordan foydalanib, meva-sabzavot mahsulotlari saqlashga mo‘ljallangan omborxona barpo etdik, – deydi G‘allaorol tumanidagi “Meva shirin invest” xususiy korxonasi rahbari Shuhrat Berdiyev. – “Mikrokreditbank”ning tuman filiali tomonidan ajratilgan 27 million so‘mlik kredit biznes loyihamizni amalga oshirishda qo‘l keldi. Ushbu kreditdan foydalanib, omborxonamizda zamonaviy muzlatgichlar o‘rnatdik. Ayni paytda kuz-qish mavsumi uchun meva-sabzavot mahsulotlari g‘amlashni boshladik.
Joriy yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, viloyatda ro‘yxatga olingan kichik biznes subyektlarining bir ming uch yuzdan ziyodi faoliyat ko‘rsatmayotgan edi. Viloyat hokimligi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari kompleksi tomonidan faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik biznes subyektlari faoliyatini tahlil qilish, to‘siqlarni bartaraf etish, ishbilarmonlarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli joriy yilning yanvar-avgust oylarida ulardan 443 tasining faoliyati qayta tiklandi.
Qulay ishbilarmonlik muhiti tufayli yalpi hududiy mahsulotda tadbirkorlikning ulushi ortib borayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi sanoat sohasida 54,7 foizni, qishloq xo‘jaligida 99,8, qurilishda 94,9, chakana savdoda 87,7, pullik xizmatda 48,5, jami xizmatlarda 75,1, eksportda 87,8 foizni tashkil etdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda yaratilgan yangi ish o‘rinlarining 81,3 foizi kichik biznes subyektlari ulushiga to‘g‘ri kelgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.