«Imkon» loyihasi bitiruvchilari taqdirlandi
Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va «Najot Ta’lim» o‘quv markazi hamkorligida imkoniyati cheklangan yoshlarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha e’lon qilingan «Imkon» grant loyihasining bitiruvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, Yoshlar ishlari agentligi nogironligi bo‘lgan yoshlarni IT sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasblarni egallashiga ko‘maklashish hamda frilanserlik qobiliyatlarini yuksaltirish maqsadida «Najot» ta’lim markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 100 nafar imkoniyati cheklangan yoshlar uchun grant loyihasini e’lon qilgan edi.
Mazkur loyiha veb-dasturlash, grafik dizayn, moushn grafika, dijital marketing kabi yo‘nalishlarda belgilangan. Loyihadan maqsad sotsial media marketing yo‘nalishlarida grant asosida yoshlarni bepul o‘qitish, ularga frilanserlik xizmatlari ko‘rsatish orqali iqtisodiy daromad olish yo‘llarini o‘rgatishdan iborat.
Ishtirokchilar o‘z aqliy salohiyati va qiziqishlaridan kelib chiqib, mazkur zamonaviy yo‘nalishlardan birini tanlab 3 oylik kurslarda bepul ta’lim olishdi. Ulardan 44 nafari yaxshi ko‘rsatkichlar bilan o‘quv mashg‘ulotlarni yakunladi.
O‘quv dasturni tamomlagan yoshlarga uyda o‘tirgan holda frilanserlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun diplom hamda noutbuklar sovg‘a sifatida ulashildi.
Tadbirda mazkur loyiha faqat Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi yoshlar uchun tajriba sifatida tashkil etilganligi, loyihaning samaradorlik ko‘rsatgichlari tahlil qilinib, butun respublikamizda tatbiq etilishi ma’lum qilindi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA