Ilmu maʼrifat haq yoʻlidir
Jahon taraqqiyotining bugungi ilgʻor darajasi aslida Oʻrta asrlar Sharq svilizatsiyasining hayotga tatbiq etilishi samarasi oʻlaroq yangicha qiyofada namoyon boʻldi.
Jahon taraqqiyotining bugungi ilgʻor darajasi aslida Oʻrta asrlar Sharq svilizatsiyasining hayotga tatbiq etilishi samarasi oʻlaroq yangicha qiyofada namoyon boʻldi. Sharq-islom olamida svilizatsiya ijtimoiy jihatlardan antik dunyodan koʻra faol va hayotiy zaminga ega edi. Islom taʼlimoti ilk bora oʻtmish tajribalari, zamon talablari va kelajak maʼsuliyati tayanadigan ilmu maʼrifat olamini yaratib berdi.
Garchi islom arab oʻlkasida paydo boʻlgan boʻlsa-da, islom tamadduni markazi boʻlib Markaziy Osiyo tanildi. Bu tamaddunning diniy-dunyoviy, ilmiy-maʼrifiy asoslari aynan shu oʻlkada shakllandi va taraqqiy etdi. Shuni taʼkidlash kerakki, islom dastlab xalqlarga din va ruhoniy hodisa mahsuli oʻlaroq xizmat qilgan boʻlsa ham uning teran ilmiy asoslarga egaligi buyuk yurtdoshlarimiz qarashlarida yuzaga chiqdi.
Bu esa dunyoga islomning din sifatidagi mavqeini ham, yangi tamaddun va Renasans manbai sifatidagi maqomini ham ochiq oshkora koʻrsatib berdi. Islom manbalarida ilmu maʼrifat oʻzlikni anglash va Haqni tanish, jaholat va gʻaflatdan xalos boʻlishning birdan bir toʻgʻri yoʻli ekanligi qayta-qayta uqtiriladi. Shu bois islomda ilmni egallash va uning amaliyotini hayotga joriy qilish borasida say-harakatlar doimo ragʻbatlantirildi. Muqaddas Qurʼoni Karim va Hadisi Shariflarda “har bir muslim va muslima uchun ilm farzligi”, “ilmni Xitoydan boʻlsa ham egallash zarurligi” haqidagi daʼvatlar zamirida ayni haqiqatlar mujassam edi.
Shu bois oʻrta asrlarda faoliyat yuritgan madrasa va madrasai-oliyalar tom maʼnoda islom tamadduni va ilm-maʼrifat maskanlari vazifalarini bajardi. Ularda jamiyat taraqqiyotini taʼminlash, inson kamolotiga xizmat qilish uchun zarur boʻladigan barcha aqliy va naqliy (ratsional va irratsional) ilmlar tahsili uchun yetarli darajada shart-sharoit mavjud edi. Bu maskanlar oʻz vaqtida ijtimoiy-gumanitar va aniq fanlar taʼlimi nazariyasi hamda amaliyoti boʻlish bilan bir qatorda jamiyat ijtimoiy-madaniy hayotini yurituvchi, mintaqa va dunyo miqyosida iqtisodiy-maʼnaviy hayot haroratini belgilovchi maskanlar vazifalarini ham bajardi.
Oʻrta asrlarda qurilgan masjitlar, madrassalar, minoralar, xonaqohlar, zoviyalar, takiyaxonalar, qubbalar, gumbazlar, qasrlar, rabotlar, karvonsaroylar, bozorjoy va boshqa koʻplab noyob obidalar bir vaqtda Sharq-islom arxitektura-meʼmorchilik sanʼatining betakror namunalari ham hisoblangan. Ulardan birgina madrasa va oliy madrassalarni oladigan boʻlsak, ularning taʼlim miqyosi hozirgi taʼlim maqsadlaridan kam boʻlmagan darajadagi vazifalarni oʻz zimmasiga olgan.
Ushbu oʻrta va oliy dargohlar oʻz davrida taʼlim-tarbiya qamrovi, oʻqitiladigan fanlar miqyosi, tolibu ilm va mudarrislar iqtidori, darslik va qoʻllanmalar sifati bilan dunyo fani rivojini harakatga keltirdi. Agar ilk madrasalar IX-X asrlarda faoliyat yurita boshlagan boʻlsa, bu oʻquv dargohlarining ilmiy salohiyati, nufuzi yil sayin oshib borgan. Ayniqsa, temuriylar davriga kelib oʻzining yuqori taraqqiyot choʻqqisiga koʻtariladi.
Ayniqsa, Samarqandda milodiy 1420-yilda ulugʻ alloma Mirzo Ulugʻbek tamal toshini qoʻygan oliy madrasa nafaqat ulkan sulola hudhudlari, balki jahon miqyosida zaruratga aylangan ilm-maʼrifat va ziyo maskaniga aylanadi. Unda oʻqtiladigan fanlar mohiyatan zamonaviy ilm oʻchoqlaridagi oʻqitish metodlaridan koʻp ham farqlanmaydi. Masalan, Ulugʻbek madrasai-oliyasida falakiyot ilmi nazariy jihatdan oʻqitilgan boʻlsa, uning amaliyoti shaxsan Mirzo Ulugʻbek tomonidan oʻz rasadxonasida olib borilgan edi.
Shuni inobatga olgan hazrat Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida Mirzo Ulugʻbek siymosi, ilm qadri va rasadxona mavqeini alohida taʼriflaydi. Unda Mirzo Ulugʻbekning buyuk shoh va olim ekanligi, “ilmi osmoniy”dek abadiy ilmga qoʻl urganligi, bu ilm sohasi haqida yozilgan “Ziji Koʻragoniy” asari oxiratga qadar qoʻllanma boʻlib qolishi taʼkidlanadi.
Gap shundaki, oliy madrasalar oʻquv jarayonida yangi fanlarning yil sayin ortib borganligi, oʻqitish talabalar imkoniyatlariga qarab taqsimlanishi, katta iqtidor egalarining dunyo boʻylab muddarislik qilishi, tajriba almashish jarayonlarining puxta yoʻlga qoʻyilganligi, fanlarning dastur va darsliklar asosida olib borilishi hamda fundamental ilmiy qarashlar manbalariga tayanishi bilan kuchli ilmiy zaminga egaligi koʻrinadi. Madrasa va madrasai-oliyalar ilmu maʼrifatning xalqchillashishi, ommalashishiga ham xizmat qiladi.
Misol uchun oʻtmishda ilm-maʼrifat avval maxsus darajada, boshqacha xil qilib aytilganda, shohu sultonlar, amiru umarolar, vaziru vuzarolar doirasida amalga oshirilgan boʻlsa, keyinchalik madrasalar xalq taʼlimi, madrasai oliyalar esa oliy taʼlim shaklini olgan. Ayniqsa, oliy madrasalar bazasidagi, saroy va alohida shaxslarga mansub kutubxonalar aynan shu oʻquv muassasalari tizimi orqali isteʼmolga chiqarilgan. Natijada bevosita shu kitob zahiralaridan foydalanish, ularni muddarislar yordamida tushunish-sharhlash imkoniyatlari yaratilgan. Bir tomondan madrasai-oliyalarda fanlar, ayniqsa, tabiiy va aniq fanlar maxsus yoʻnalishlarda oʻrganilishi yoʻlga qoʻyildi. Bu tajriba jahon ilm-fanida fanlar umumiylikdan xususiylik tomon oʻzgarishiga ham olib keldi.
Ayrim olimlar taʼkidlaganidek, fanlar XIX asrga kelib alohida sohalarga ajralganligi haqidagi fikrlar haqiqatga unchalik ham yaqin emasligini madrasi-oliyalar taʼlim va ilm tajribalari isbotlab beradi. Madrasa va madrasai-oliyalarda fanlarning umumiylikdan xususiylikka va aksincha xususiylikdan umumiylikka oʻtishi jarayoni bugungi kundagi xalq taʼlimidan oliy taʼlimga va oliy taʼlimdan xalq taʼlimiga oʻtishi taʼlimda uzviylik va vorisiylik qadimdan mavjud anʼana boʻlib kelganligini koʻrsatadi. Taʼlim oʻquv shaklining madrasa-klassik davrida ham, yangi-zamonaviy bosqichida ham asosiy maqsad mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Shu jihatdan oliy madrasalardan chiqqan yetuk shaxslar oʻz davri taʼlim va ilm jabhalari taraqqiyotiga benihoya katta xizmatlari singgan. Oʻrta asrlar Sharq madrasalari hozirgi xalq taʼlimi, madrasai-oliyalari esa bugungi oliy taʼlim tizimi maqsadlariga muvofiq amalga oshirilganligini isbot etadi. Oʻquv-ilmiy jarayon oliy madrasalar tajribalaridan zamonaviy koʻrinishlardagi universitetlar qiyofasiga oʻzlashishi Sharq, xususan, Oʻzbekiston hudhudida tabiiy bir holat edi. Bir vaqtlar Chor Rossiyasi tomonidan Oʻrta Osiyoning istilo etilishi taʼlim sohasida ana shu tabiiy oqimni uzib qoʻygan edi.
Shunga qaramasdan, XX asrning birinchi choragida Samarqandda Oʻzbekiston davlat universitetining ochilishi bu yerda mavjud boʻlgan va anʼanalari yigirmanchi asrlargacha davom etgan shonli oliy oʻquv yurti, Mirzo Ulugʻbek asos solgan oliy madrasaning tarixiy sinovlardan oʻtgan tajribalari asos boʻlib xizmat qiladi. Shunga koʻra, Samarqand davlat universitetini haqli ravishda 600-yillik tarixga ega oliy dargoh sifatida eʼtirof etish oʻrinlidir. Qadim Oʻrta Osiyo singari Samarqand universiteti kechmishini ham tarixiy-klassik va yangi-zamonaviy davr tiplarida qabul qilish maqsadga muvofiqdir.
Samarqandda Mirzo Ulugʻbek tamal toshini qoʻygan oliy oʻquv maskani oʻz faoliyatini boshlagandan buyon to bugungi kunlargacha taʼlim-tarbiya, ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinishi va ular bir zaminda, bir maskanda vujudga kelgan ilmiy-oʻquv kashfiyotlar sifatida qaralishi lozim. Samarqand davlat universiteti uzoq anʼanalar vorisi sifatida bugungi kunda ham ilm-maʼrifat va taʼlim tarbiya sohasida ulkan ishlarni amalga oshirmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimiz hayotida kechayotgan chuqur islohotlar universitet qiyofasini, ilmiy salohiyotini, taʼlim sifatini yangi bosqich sari koʻtarilishiga, xalqaro nufuzining oshirilishiga yoʻl ochib bermoqda. Samarqand davlat universitetining 600-yillik tarixi nishonlanishi ilmiy va pedagogik jamoa zimmasiga yangi vazifalarni yuklaydi, mamlakatimiz ilm-maʼrifati taraqqiyotini yangi yutuqlar bilan boyitishga undaydi, oʻtmish anʼanalari va zamonaviy talablar uygʻunlashgan yangicha taʼlim tizimini yaratish taqozo etiladi.
Mutafakkir shoir Alisher Navoiy “Xamsa” asarida madrasai-oliyalarda chuqur oʻqitiladigan fiqh, hadis, tafsir kabi ilmlar haqida fikr yuritib, barcha ilmlar din-ilohiyot va Haqni anglash ilmiga olib borishini taʼkidlaydi. Shu maʼnoda oʻrta asrlar madrasa va oliy madrasalarda ham, hozirgi xalq va oliy taʼlim tizimida ham ilmu maʼrifat Haq yoʻli sifatida birlashadi. Dunyo va milliy tajribadan maʼlumki, ilm meros hodisasi hisoblanadi. Shunga koʻra, hozirda mamlakatimiz ilm-fan jabhalarida peshqadamlik qilib kelayotgan Samarqand davlat universitetining olti asrdan ortiqroq poydevorga egaligi haqidagi fikrlar bardavom anʼanalar tarixi va buguni uchun ayni haqiqatning oʻzidir.
Filologiya fanlari doktori, professor M.Q.Muhiddinov,
filologiya fanlari doktori, dotsent U.U.Qobilov.